Ukrainaning sobiq prokurori Baydenni korrupsiyada aybladi

Olam

image

Ukrainaning sobiq bosh prokurori Viktor Shokin AQSH Prezidenti Jo Baydenni korrupsiyada aybladi. Bu haqda u kecha, 25 avgust kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Uning aytishicha, 2016 yilda Bayden AQSH vitse-prezidenti lavozimida bo‘lgan paytida Kiyevga kredit ajratilishini to‘sib qo‘yish tahdidi bilan Shokinni iste’foga chiqishini so‘ragan.

“Men tasdiqlanmagan faktlarni aytmoqchi emasman, lekin mening shaxsiy fikrimcha, ha, ular pora olgani haqiqat edi. Gap shundaki, Jo Bayden meni ishdan bo‘shatish uchun 1 milliard dollar to‘lagan. Shuning o‘zi korrupsiya emasmi?” deydi Shokin.

Shokin ishi

Viktor Shokin 2015 yilning fevralidan, 2016 yilning apreligacha Ukraina Bosh prokurori lavozimida ishlagan. O‘z lavozimini tark etganidan so‘ng, Shokin o‘zining ishdan bo‘shatilishi noqonuniy va Ukraina rahbariyatiga tashqi bosim ostida bo‘lganini aytgan. Shu asosda Shokin Baydenga nisbatan Ukraina huquq-tartibot idorasi xodimi faoliyatiga aralashish bo‘yicha ish ochish iltimosi bilan Davlat tergov byurosiga murojaat qilgan. Mazkur ish esa 2020 yil sentyabr oyida yopilgan.

2014 yilda Xanter Bayden Ukrainaning Burisma gaz kompaniyasi boshqaruviga qo‘shilgan. Shokin Ukraina Bosh prokuraturasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan vaqtida Burisma’ga qarshi uchta ish tergov qilina boshlagan. Shokin iste’foga chiqqanidan so‘ng, bu tergovlar tugatilgan yoki korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosiga o‘tkazilgan. Burisma ishi bo‘yicha tergov olib borgan sobiq prokuror Konstantin Kulik shu yilning iyun oyida bu ishda dastlab Xanter Bayden kompaniyalari ishtirok etgani, biroq ular oxir-oqibat g‘oyib bo‘lganini aytgan.

2018 yil yanvarida Jo Bayden Xalqaro aloqalar bo‘yicha Amerika kengashida nutq so‘zlab, AQSH vitse-prezidenti lavozimida ishlagan vaqtida o‘sha paytda Ukraina prezidenti bo‘lgan Pyotr Poroshenkodan Shokinni ishdan bo‘shatishni talab qilganini tan olgan. Shu bilan birga, Bayden bosh prokuror ishdan bo‘shatilmasa, AQSHning Ukrainaga 1 milliard dollar kredit olishi bo‘yicha kafolatlarini bloklash bilan tahdid qilgan. AQSHning sobiq vitse-prezidenti Shokin uning bosimi ostida ishdan bo‘shatilganini qo‘shimcha qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing