Ukrainaning Moskvadagi teraktga aloqasi yo‘q – Zelenskiy idorasi
Olam
−
23 mart
6224Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Ukrainaning Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl”dagi teraktga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Uning so‘zlarini “Strana.ua” nashri keltirdi.
“Keling, tuzatish kiritamiz. Ukrainaning bu voqealarga hech qanday aloqasi yo‘q”, deydi Podolyak.
O‘z navbatida, Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi vakili Andrey Yusov Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl”dagi terakt Rossiya maxsus xizmatlarining “provokatsiyasi” ekanini aytdi.
Rossiya rasmiylari “Krokus Siti Holl” dagi terakt uchun kim javobgar deb topilganini hozircha e’lon qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 mart kuni kechasi Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida noma’lum shaxslar otishma boshladi, binoda portlash sodir bo‘ldi va yong‘in chiqdi.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, kamida uch kishi bo‘lgan qurollangan shaxslar o‘t ochgan. Ayni vaqtgacha qurbonlar soni 60 dan oshdi.
Binoning uchdan bir qismi yonib ketgan, atrofni quyuq qora tutun qoplagan. O‘t o‘chiruvchilar odamlarni tom orqali olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va 100 ga yaqin odam evakuatsiya qilingan.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi terakt yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Hozirda teraktdan keyin shifoxonalarda 110 nafar kattalar va 5 nafar bola yotibdi, 60 nafar kattalarning ahvoli og‘ir. Bu haqda Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobev ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev terakt munosabati bilan Prezident Vladimir Putinga hamdardlik bildirdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi teraktni qoraladi. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi terakt oqibatida jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar borligi haqida ma’lumot kelib tushmaganini bildirdi.
LiveBarchasi