Ukrainaning egallangan ikki hududi rahbarlari Putindan Rossiyaga qo‘shilishni so‘radi

Olam

image

Ukrainaning Donbass mintaqasida separatistlar tomonidan tashkil etilgan tan olinmagan Lugansk xalq respublikasi rahbari Leonid Pasechnik va bosib olingan Xerson viloyatining rasmiy Moskva tomonidan tayinlangan rahbari Vladimir Saldo Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga hududlarning RFga sub’ekt sifatida qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqish iltimosi bilan murojaat qildi.

Xususan, Pasechnik maxsus yozib olingan telemurojaatida LXRda “Rossiya Federatsiyasining ko‘p millatli xalqi bilan tarixiy, madaniy va ma’naviy aloqani tushunishayotganini aytgan.

Saldo ham Putinga murojaat yo‘llab hududni Rossiya tarkibiga qo‘shib olishni so‘ragan.

“Aholimiz o‘zlarining tarixiy tanlovini qildi va barcha odamlar bir-biri va qonun oldida teng bo‘lgan Rossiya Federatsiyasining ko‘p millatli xalqining bir qismi bo‘lishga qaror qildilar”, degan u bir tomonlama "referendum"lar natijasiga ishora qilib.

Bundan oldin okkupatsiya qilingan Zaporoje viloyati rahbari Igor Balitskiy ham Putinga murojaat qilib, Rossiyaga qo‘shilishni so‘ragan edi. Shuningdek, 28 sentyabr kuni DXR rahbari Denis Pushilin “Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilishning huquqiy tartibini” yakunlash uchun Moskvaga ketayotganini ma’lum qilgandi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 30 sentyabr kuni LXR, DXR hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarining bosib olingan hududlari mamlakatga qo‘shilganini e’lon qilishi mumkin.

Shundan so‘ng parlamentning har ikki palatasi Putin imzolagan tegishli farmonlarni ma’qullashi taxmin qilinmoqda. Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Rossiya parlamentining quyi palatasi 3 oktyabr kuni rejadan tashqari yig‘ilish o‘tkazishini aytib, buning sababiga aniqlik kiritmagan.

Rossiya parlamenti Federatsiya Kengashining yuqori palatasi anneksiyani 4 oktyabrdagi yig‘ilishida tasdiqlashi mumkin. Shu munosabat bilan rejadan tashqari yig‘ilish o‘tkazish rejalashtirilmagan, deydi Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko.

Rossiya tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha referendum 23—27 sentyabr kunlari bir vaqtning o‘zida to‘rtta viloyat – (tan olinmagan – tahr.) Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, shuningdek, Xerson va Zaporoje viloyatlarida bo‘lib o‘tdi. Zaporoje viloyatining Rossiya tarkibiga kirishini saylov uchastkalariga kelgan viloyat aholisining 93,11 foizi qo‘llab-quvvatlagan. 

Jahon hamjamiyati Moskva va rossiyaparast ayirmachilarning harakatlarini keskin qoralamoqda. Katta yettilik Tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma bayonotida dunyoning barcha davlatlari Ukrainadagi soxta referendumlar natijalarini “Rossiya bunga erisha olsa ham” tan olmaslikka chaqiradi. 

NATO, YeXHT va boshqa tashkilotlarda “referendumlar” noqonuniy deb atalgan. Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Ukrainaning Rossiya nazorati ostidagi hududlarida "referendum" o‘tkazishga urinishlarni qoralab bayonot berdi. 

“Bunday noqonuniy harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmaydi. Aksincha, diplomatik jarayonni jonlantirishga urinishlar qiyinlashadi”, deyiladi bayonotda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

187

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing