Ukrainaliklarning Rossiyaga kirishiga 50 yilgacha taqiq qo‘yilmoqda

Olam

image

Ukrainaliklarning Rossiyaga kirishga urinishi 20 yildan 50 yilgacha bo‘lgan muddatga ommaviy taqiqlar olishga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda 7 300 dan ortiq a’zosi bo‘lgan “Sheremetevo rad etilganlar” chatining a’zolariga tayanib, “The Moscow Times” xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi bir necha oy ichida o‘nlab odamlar rad javobi olganini bildirgan va bu holat tizimli xarakterga ega ekanini ta’kidlagan. Xususan, chat a’zosi Anna Rossiyaga borishga uringanini, biroq 20 yillik taqiq olganini aytgan. Aleksandr va Vitaliy ham fevral va mart oylarida 50 yillik taqiqqa uchraganini yozgan. Kirill ismli yana bir foydalanuvchi o‘tgan hafta Rossiyaga kiritilmaganini, rad etish sababi tushuntirilmaganini va yarim yildan keyin yana kelishi mumkinligi aytilganini bildirgan.

Bildirilishicha, rad etilganlar bu taqiq haqida darhol bilmaydi va pasportlarida hech qanday belgi qolmaydi. Faqat bir necha oy o‘tgach, Belarus Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlar bazasidan yoki Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga so‘rov yuborib, bu taqiq haqida bilib olishlari mumkin.

Viza masalalari bo‘yicha ekspert Roman Stepanov ukrainaliklarning chegarada muammolarga duch kelayotganini tasdiqlagan va 20 yillik taqiq holatlari uchrasa-da, ko‘pincha 50 yillik taqiq berilayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus IIV bazasi FXX bazasi bilan mos keladi va sinxronizatsiya qilinadi, shu bois ukrainaliklar nafaqat Rossiyaga, balki Belarusga ham borishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Ma’lumot uchun, Rossiya hukumati 2023 yil o‘rtalarida ukrainaliklarning uchinchi mamlakatlar orqali Rossiyaga kirish imkoniyatini keskin chekladi. Endilikda ular Rossiya chegarasini faqat Moskvaning “Sheremetevo” aeroporti va Latviya bilan chegaradosh Pskov viloyatidagi “Ludonka” avtomobil o‘tish punkti orqali kesib o‘tishi mumkin. Bu vaqtinchalik chora “mavjud geosiyosiy sharoitda rossiyaliklarning xavfsizligini ta’minlash” uchun joriy etilgani aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing