Ukrainalik sportchi maxsus dubulg‘a uchun Olimpiadan chetlatildi (video)
Sport
−
12 fevral 1222 2 daqiqa
Qishki Olimpiya o‘yinlari arafasida ukrainalik skeletonchi Vladislav Geraskevich Rossiya bosqini paytida halok bo‘lgan ukrainaliklarning suratlari aks ettirilgan dubulg‘adan foydalangani uchun musobaqalardan chetlashtirildi. Bu haqda Olimpiada matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Geraskevich qoidalar talabiga javob bermaydigan dubulg‘a kiyish niyatida bo‘lgan va uni almashtirishdan bosh tortgan. Shu sababli Xalqaro Bobsley va skelet federatsiyasi (IBSF) hakamlar hay’ati uning jihozi reglamentga mos kelmasligi haqida qaror chiqargan. Natijada sportchi Qishki Olimpiya o‘yinlaridagi startlarda qatnasha olmaydigan bo‘lgan.
“XOQ afsus bilan uning o‘yinlar uchun akkreditatsiyasini bekor qilishga qaror qildi. XOQ va janob Geraskevich o‘rtasida ko‘plab suhbatlar va shaxsiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, ularning eng so‘nggisi XOQ prezidenti bilan o‘tkazildi, biroq u hech qanday murosani qabul qilmadi”, deyiladi tashkilot bayonotida.
Geraskevich kiyishni rejalagan dubulg‘ada Rossiya bosqini paytida halok bo‘lgan ukrainaliklarning suratlari aks ettirilgan. Ular orasida og‘ir atletikachi Alina Peregudova, bokschi Pavel Ishenko, xokkeychi Aleksey Loginov, aktyor va sportchi Ivan Kononenko, suvga sho‘ng‘ish bo‘yicha murabbiy Nikita Kozubenko, mergan Aleksey Xabarov, gimnastikachi Darya Kurdel va boshqa vatandoshlar bo‘lgan.
Sportchi XOQ qaroriga rozi emasligini bildirgan.
“Mening rejam – bu dubulg‘ani barcha mashg‘ulotlarda va musobaqa kunida kiyish edi. Men XOQ qaroriga qo‘shilmayman, chunki biz hech qanday qoidani buzmadik. Siyosiy tashviqot, kamsitish yoki irqchilik bu yerda yo‘q”, deydi Geraskevich.
Ma’lumot uchun, bu Geraskevichning uchinchi Olimpiadasi hisoblanadi. U 2018 yilgi o‘yinlarda 12-o‘rinni, 2022 yilda esa 18-o‘rinni egallagan.
Live
Barchasi