Ukrainalik sobiq deputatning Moskvadan o‘ligi chiqdi
Olam
−
07 dekabr 2023
7767Ukraina Oliy Radasining sobiq deputati Ilya Kivaning jasadi Moskva yaqinidagi Suponevo qishlog‘idan topildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
"U otib tashlandi. Kiva kabi xoinlarni ham shu taqdir kutmoqda", deb yozdi Ukrainaning "Babel" nashri o‘z manbalariga tayanib.
Kiva 2022 yilda Ukrainani tark etgan bo‘lib, joriy yilning noyabr oyi o‘rtalarida Lvovning Lichakivskiy sudi uni sirtdan 14 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. "Muxolifat platformasi" partiyasidan Oliy Radaning sobiq deputati davlatga xiyonat qilish, nafrat uyg‘otish, hokimiyatni egallashga chaqirish va agressiv urush, kommunistik totalitar tuzum belgilaridan ommaviy foydalanishda ayblangan. Xalqaro qidiruvga berilgan sobiq deputat esa Rossiyadan boshpana topgan edi.
Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov ham Kivaning o‘limini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Oliy Radaning sobiq deputati Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida yo‘qotilgan.
"Ha, biz buni tasdiqlaymiz. Putinga sotilgan barcha xoinlar birin-ketin o‘ldiriladi", deydi Yusov.
Kivaning o‘limi haqidagi ma’lumotni RF Tergov qo‘mitasining Moskva viloyati boshqarmasi ham tasdiqlagan. Departament ma’lumotlariga ko‘ra, Oliy Radaning sobiq deputati o‘qdan olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Voqea yuzasidan qotillik moddasi bo‘yicha jinoiy ish ham qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi