Ukrainadan Rossiyaga yangi ayblov: bug‘doy o‘g‘irlandi
Olam
−
02 iyul 2022
10764Ukraina Rossiya bayrog‘i ostida suzayotgan “Jibek yo‘li” yuk kemasini hibsga olish talabi bilan Turkiyaga murojaat qildi. “Reuters” agentligining kecha, 1 iyul kuni Ukraina tashqi ishlar vazirligi vakili va ushbu mamlakat Bosh prokuraturasining xatiga tayanib xabar berishicha, kema bortida Berdyanskdan eksport qilingan don bor.
Tashqi ishlar vazirligi vakilining da’vo qilishicha, kemaga og‘irligi 4,5 ming tonna bo‘lgan don partiyasi ortilgan. Shu bilan birga, Bosh prokuraturadan Turkiya Adliya vazirligiga yo‘llangan maktubda “Jibek yo‘li” 7 ming tonna Ukraina g‘allasini noqonuniy olib o‘tgani aytiladi. Xabarga ko‘ra, kema Berdyanskdan Turkiyaning Karasu shahriga yo‘l olgan.
Ukraina Bosh prokuraturasi Turkiya tomonidan kemani ko‘rikdan o‘tkazishni, sud-tibbiy ekspertiza uchun don namunalarini olib qo‘yishni va yuk joylashgan joy haqida ma’lumot berishni talab qildi.
Joriy yilning 30 iyun kuni Zaporoje viloyati harbiy-fuqarolik ma’muriyati rahbari Yevgeniy Balitskiyning ma’lum qilishicha, birinchi savdo kemasi o‘z ishini qayta boshlaganidan keyin Berdyansk portidan chiqib, 7 ming tonna don bilan do‘st mamlakatlarga yo‘l olgan.
Berdyansk 28 fevral kuni Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyada ishtirok etayotgan Rossiya Qurolli kuchlari bo‘linmalari tomonidan nazoratga olingan edi.
LiveBarchasi