Ukrainadagi urush kelasi yil yakunlanishi mumkin – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning fikricha, Rossiyaning o‘z mamlakatiga qarshi urushi kelasi yil, 2025 yilda yakunlanishi mumkin. Bu haqda u kecha, 23 sentyabr kuni kechqurun Nyu-Yorkda Amerika Kongressining ikkala palatasi vakillari bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha X platformasidagi mikroblogida yozdi.

"Hozirda qat’iy choralar Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan agressiyasini kelasi yili tugatishni tezlashtirishi mumkin. Bizning g‘alaba rejamiz amalda Rossiyani tinchlikka majburlashga yordam beradi", deb yozdi Zelenskiy.

Zelenskiy ittifoqchilardan qo‘shimcha siyosiy va harbiy yordam olish maqsadida o‘z rejasi haqida muzokaralarda va, ehtimol, omma oldida chiqishlar chog‘ida gapirish niyatini bildirdi.

Britaniyaning “The Times” gazetasiga ko‘ra, Zelenskiyning "g‘alaba rejasi" NATO a’zolariga taqdim etilgan kabi Ukraina uchun G‘arb xavfsizlik kafolatlari talablarini o‘z ichiga oladi va Kiyev uchun yangi harbiy va moliyaviy yordam paketlarini talab qiladi.

“Hozir yil oxirida bizda Ukraina va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun real imkoniyat bor. Men AQSH Kongressiga, har ikki partiya va palatalarga ko‘rsatgan so‘nmas qo‘llab-quvvatlashlari uchun minnatdorman”, dedi Vladimir Zelenskiy Kongress a’zolari bilan uchrashuvdan so‘ng.

Zelenskiy BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan “Kelajak sammiti”da so‘zlagan nutqida hozirda Ukrainada tinchlik bo‘yicha ikkinchi sammitga tayyorgarlik ko‘rilayotganini aytdi. U barcha mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlarini adolatli va tinch kelajakka erishish yo‘lida olib borilayotgan birgalikdagi sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi.

"Putin allaqachon ko‘p narsalarni o‘g‘irlagan, ammo u hech qachon dunyo kelajagini o‘g‘irlay olmaydi", deydi Zelenskiy.

Rossiya Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitlarida ishtirok etishdan bosh tortishda davom etmoqda. Iyun oyida Shveysariyada bo‘lib o‘tgan shunday birinchi sammitda o‘nlab davlatlar ishtirok etdi. Biroq ko‘plab yirik davlatlar, jumladan, Xitoy va Rossiya yig‘ilishda ishtirok etmadi.

Shu bilan birga, AQSH prezidentligiga nomzod Donald Tramp Zelenskiyning Nyu-Yorkka tashrifi munosabati bilan Ukraina prezidentini “tarixdagi eng yaxshi sotuvchi” deb atadi. 

"Menimcha, Zelenskiy tarixdagi eng yaxshi sotuvchi - u har safar mamlakatga kelganida 60 milliard dollar bilan chiqib ketadi", deydi siyosatchi.

Tramp, shuningdek, agar AQSH prezidenti etib qayta saylansa, inauguratsiyasidan oldin ham Ukrainadagi urushni tugatishga yana va’da berdi. 

"Agar men bu saylovda g‘alaba qozonsam, birinchi navbatda Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilaman, prezident Putinga qo‘ng‘iroq qilaman va "Siz kelishuvga erishishingiz kerak, bu aqldan ozishdir" deyman", deb tushuntirdi Donald Tramp.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing