Ukrainadagi qirg‘oq Boris Jonson sharafiga nomlandi
Olam
−
04 may 2022
4912Kiyev viloyatining Vasilkov shahri hokimiyati Stugna daryosidagi qirg‘oqqa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson sharafiga nom berdi. Bu haqda shahar kengashi xabar bergan.
“Vasilkovdagi Stugna daryosining qirg‘og‘iga Buyuk Britaniya Bosh vaziriga mamlakatimizga ko‘rsatgan katta shaxsiy qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik sifatida Boris Jonson faxriy nomi berildi”, deyiladi shahar kengashi bayonotida.
Aniqlik kiritilishicha, shahar kengashi ijroiya qo‘mitasi huzuridagi toponimik komissiya yig‘ilishida Rossiyaning siyosiy, madaniyat arboblari va tarixiy voqealari nomidagi “o‘nlab ko‘chalar” Ukraina tarixi va madaniyati bilan bog‘liq yangi nomlar olgan. Ta’kidlanishicha, yangi nomlar ro‘yxati keyinroq e’lon qilinadi.
Ukrainaning qator shaharlari rasmiylari yaqinda Rossiya va SSSR bilan bog‘liq ko‘cha nomlari o‘zgartirilgani, shuningdek, yodgorliklardan sovet ramzlari demontaj qilingani haqida e’lon qilgan.
Qayd etilishicha, Kiyevda Sovet Ittifoqi Qahramoni yosh partizan Sasha Chekalin nomini olgan kutubxona, shuningdek, uchta temir yo‘l stansiyasi — Kiyev-Oktyabrskiy, Kiyev-Moskovskiy va Kiyev-Petrovka nomi allaqachon o‘zgartirilgan. Poytaxt meri Vitaliy Klichkoga ko‘ra, Kiyevdagi 460 dan ortiq ko‘cha va ob’ektlar nomi o‘zgartirilishi kerak.
LiveBarchasi