Ukrainada vazir komedik serial ortidan ishdan ketdi

Olam

image

Ukraina Madaniyat vaziri Aleksandr Tkachenko iste’foga chiqdi. Bu haqda uning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Tkachenkoning o‘zi lavozimini tark etish uchun ariza bergan. Bundan avvalroq esa Vladimir Zelenskiy Bosh vazir Denis Shmigalga Madaniyat va axborot vazirini almashtirish masalasini ko‘rib chiqishni topshirgan.

"Urush davrida madaniyatning ahamiyati to‘g‘risida anglashilmovchiliklar to‘lqini bo‘lgani uchun bugun kechqurun Bosh vazirga iste’foga chiqish to‘g‘risidagi arizamni topshirdim. Faqat keyinroq Prezidentning xuddi shu masaladagi bayonotidan hayratda qoldim... Madaniyat uchun shaxsiy va davlat mablag‘larini sarflash urush davrida dronlardan kam ahamiyatga ega emas. Chunki madaniyat bizning o‘zligimiz va chegaralarimiz qalqonidir", deb yozgan Aleksandr Tkachenko.

Ma’lumot uchun, vazirning iste’fosiga bir necha kun avval sodir bo‘lgan mojaro sabab bo‘ldi. Gap shundaki, Tkachenko Ukrainada hududiy mudofaaga qo‘shilgan dasturchilar haqidagi “SMT Ingulets” nomli komedik serialni suratga olish uchun 33,6 million grivna (900 ming dollar) ajratishni istagan. Serialni suratga olish xarajatlari ko‘rsatilgan tender Ukraina davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan. Tenderda esa Rossiyada faoliyat yurituvchi kompaniyalar g‘olib chiqqan. Shu tariqa Madaniyat va axborot vaziri Rossiya bozori uchun ishlaganlikda ayblandi.

Ukraina Oliy Radasi deputati Irina Grashchenko o‘zining Facebook sahifasida yozishicha, Tkachenko rus tilidagi DOM va Freedom kanallari uchun yuzlab million grivnalarni “kesish”da, shuningdek, rossiyaparast ishlab chiqarishni moliyalashtirishda ishtirok etgan.

Ta’kidlash joizki, Tkachenkoni iste’foga chiqarish masalasi joriy yilning iyun oyi boshida ham ko‘rib chiqilgan edi. O‘shanda u “Ukrainada vafot etgan barcha qahramonlarning xotirasini tahqirlash” va “jonini fido qilgan jagchilarga nisbatan haddan tashqari e’tiborsizlik qilish”da ayblangan. Vazirni bo‘shatish bo‘yicha petitsiya esa 25 ming ovoz to‘plagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tkachenko Yevropadagi eng baland haykal bo‘lmish “Vatan monumenti”dan SSSR gerbini olib tashlash va o‘rniga Ukraina davlat ramzi – tridentni o‘rnatish bo‘yicha tashabbusni ham ilgari surgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina vazir komedik serial

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing