Ukrainada saylovlar urush tugagan yilda o‘tkaziladi – Zelenskiy
Olam
−
06 yanvar
2015Ukrainada prezidentlik va parlament saylovlari urush tugagan yilda o‘tkaziladi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik podkaster Leks Fridman bilan suhbatda so‘z ochdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, urush davrida ham saylov o‘tkazish mumkin, ammo buning uchun qonunchilikni va ovoz berish tizimini o‘zgartirish kerak bo‘ladi.
“Bu juda qiyin bo‘ladi, chunki jamiyat bunga qarshi. Nima uchun qarshi? Chunki, biz ishonchli saylov o‘tkazishni xohlaymiz. 8,5 million odam chet elga ketgan. Ularning ovoz berishi uchun sharoit yaratish kerak. Millionlab odamlar bosib olingan hududlarda qolmoqda va eng adolatsiz jihatlaridan biri – bir milliondan ortiq harbiylarning ovoz berish imkoniyatisiz qolishidir. Bu imkonsiz”, dedi Ukraina Prezidenti.
Shuningdek, Zelenskiy o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yish masalasi hozircha ochiq ekanini ta’kidladi.
“Bu urush qanday tugashiga bog‘liq. Asosan bu xalq qaroriga, birinchi navbatda oilamga ham bog‘liq. Biz mazkur masalani hali muhokama qilganimiz yo‘q, chunki hozir bu haqida o‘ylamayapmiz”, deydi u.
Bundan tashqari, Vladimir Zelenskiy AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampga Ukrainaga qurol sotish uchun Rossiyaning muzlatilgan 300 milliard dollarlik aktivlarini ishlatishni taklif qilganini bildirdi.
“Sizga katta mablag‘ kerakmi? Demak, savol tug‘iladi: ularni qayerdan olasiz? Mening javobim Trampga yo‘naltirilgan edi. Men shunday dedim: bu xavfsizlik kafolatlaridan biri. Rossiyaning muzlatilgan 300 milliard dollarini oling. Biz ularni olamiz. Biz ichki ishlab chiqarishimiz uchun zarur bo‘lgan mablag‘ni olib, AQSHdan barcha kerakli qurollarni sotib olamiz. Bu Amerika harbiy sanoati uchun juda foydali bo‘ladi”, dedi Zelenskiy.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 20 maydan keyin Vladimir Zelenskiy vakolat muddati tugadi, biroq mamlakat konstitutsiyasining 108-moddasida Prezident yangi davlat rahbari saylangunga qadar o‘z vazifalarini bajarishi kerakligi aytilgan. Keng miqyosli urush boshlanishidan oldin navbatdagi saylovlar 2024 yil 31 martda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi, biroq harbiy holat tufayli saylovlar qoldirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “The Economist” nashri o‘z manbalariga tayanib, Ukrainada prezident sayloviga tayyorgarlik boshlangani va uning taxminiy o‘tkazilish sanasi 2025 yilning 25 may kuni bo‘lishi haqida xabar bergandi.
LiveBarchasi