Ukrainada Rossiyaning 100 ming askari halok bo‘ldi – OAV
Olam
−
29 mart
90222025 yil 28 mart holatiga ko‘ra, 2022 yildan buyon Ukrainaga qarshi bosqinda kamida 100 001 nafar Rossiya fuqarosi, jumladan, 4 842 nafar ofitser halok bo‘lgan. Bu haqda “Mediazona” va BBC Rus xizmati tomonidan yuritilayotgan yo‘qotishlarning nomma-nom yangilangan ro‘yxatida keltirilgan.
Jurnalistlar internetda e’lon qilingan nekrologlar (birovning o‘limi haqidagi maqola) asosida ko‘ngillilar bilan birga 14 martdan 28 martgacha bo‘lgan bir hafta ichida yana 2 007 nafar Rossiya fuqarosining o‘limini qayd etgan. “Mediazona”ning yozishicha, hisob-kitoblarga yordam berayotgan ko‘ngillilarda tekshirib, takrorlanish ehtimolini bartaraf etishi lozim bo‘lgan yana 10 269 ta nekrolog mavjud.
Ukrainaga bosqinchilik hujumi vaqtida eng ko‘p halok bo‘lganlar soni bo‘yicha yetakchi hudud – avvalgidek, Boshqirdiston bo‘lib qolmoqda: ushbu respublikadan frontga jo‘nab ketganlarning yo‘qotishlari 4 487 kishini tashkil qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda Tatariston – 4 371 nafar askar halok bo‘lgan. Uchinchi o‘rinda esa Sverdlovsk viloyati joylashgan bo‘lib, u yerdan 3 446 kishi halok bo‘lgan.
Rossiya armiyasida halok bo‘lganlarning deyarli chorak qismini (24,2 foiz) – 24 198 nafarini “ko‘ngillilar” tashkil qiladi. Ular Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan shaxslar sanaladi. Ikkinchi yirik yo‘qotish guruhi qamoqxonalardan safarbar qilingan jangchilar bo‘lib, ularning soni 16 173 kishini (16,2 foiz) tashkil etadi. Halok bo‘lganlarning 11,6 foizi safarbar qilingan askarlar bo‘lib, ular orasida 11 628 kishi bor.
Qayd etilishicha, yuqorida keltirilgan raqamlar aniq emas, chunki Rossiya Qurolli kuchlari askarlari va ofitserlarining o‘limi haqida internetda har doim ham ma’lumot berilmaydi. Shuningdek, Rossiya tarafida urushayotgan va bosib olingan Ukraina hududlaridan majburan safarbar qilingan shaxslarni o‘z ichiga olgan LXR va DXR tuzilmalari yo‘qotishlarini hisoblash ham ancha murakkab. Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ulardan halok bo‘lganlar soni qariyb 26 ming kishiga yetgan bo‘lishi mumkin.
“Meduza” va “Mediazona” turli manbalar, jumladan, barcha Rossiya vasiyatchilari haqidagi ma’lumotlar qayd etiladigan Meros ishlari reyestri asosida kamida 160-165 ming nafar Rossiya harbiy xizmatchisi halok bo‘lganini aniqlagan. BBC'ga ko‘ra, aslida yo‘qotishlar soni 167 194 dan 234 669 kishigacha bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniya razvedkasi 2022 yilda Ukrainaga boshlangan to‘liq hajmdagi bosqinidan buyon Rossiya armiyasi o‘ldirilgan va yaralanganlarni qo‘shib hisoblaganda qariyb 900 000 kishini yo‘qotgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilgandi. Londonda berilgan baholarga ko‘ra, Rossiya armiyasida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar soni 200 000 dan 250 000 nafargacha bo‘lib, bu yo‘qotishlar Ikkinchi jahon urushidan beri Rossiya uchun eng yirik yo‘qotishlar hisoblanadi.
LiveBarchasi