Ukrainada Rossiya hujumi oqibatida Qizil Xoch xodimlari halok bo‘ldi
Olam
−
12 Sentabr
5226Ukrainaning Donetsk viloyatida o‘qqa tutilishi oqibatida Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining (XQXQ) uch xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda qo‘mitaning X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntidagi xabarda aytiladi.
Bayonotga ko‘ra, voqea frontda rejalashtirilgan gumanitar yordam tarqatilishini o‘qqa tutish bilan bog‘liq. Qizil Xochning yana ikki xodimi jarohatlangan.
“Men Qizil Xoch xodimlariga qilingan hujumlarni keskin qoralayman. Gumanitar yordam tarqatiladigan joylarning o‘qqa tutilishini mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Bugun hamkasblarimizni yo‘qotganimiz va yaradorlarga yordam ko‘rsatayotganimiz uchun yuragimiz ezilib ketdi. Bu fojia odamlarni o‘rtaga tashlamoqda. Qurolli to‘qnashuvda yaqinlarini yo‘qotganlarga juda tanish bo‘lgan qayg‘u to‘lqini”, deydi XQXQ prezidenti Miryana Spolyarich Egger.
XQXQ missiyasi a’zolari Donetsk viloyati Kramatorsk tumani Verolubovka qishlog‘idagi nochor uy xo‘jaliklari aholisiga o‘tin va yoqilg‘i briketlarini tarqatishga hozirlik ko‘rayotgan vaqtda ular ishlatayotgan mashinalar o‘qqa tutilgan. Tashkilot o‘z bayonotida zarbani kim amalga oshirganini ko‘rsatmagan, biroq uning barcha avtomobillari Qizil Xoch emblemasi bilan aniq belgilanganini ta’kidlagan.
O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Telegram kanalida “Rossiyaning yana bir urush jinoyati” deb yozdi. U halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
“Ushbu urushda hamma narsa aniq: Rossiya yovuz, Ukraina hayotni himoya qilmoqda va agar kimdir "ikkala tomonni" eshitishni xohlasa, Rossiyada bu faqat keyingi o‘ldirish uchun ruxsat sifatida qabul qilinadi”, degan Zelenskiy yana bir bor dunyoni “Rossiyani terrorni to‘xtatishga va tinchlikka erishishga majburlash” uchun “qattiq va tubdan munosabat bildirishga” chaqirib.
Ukraina Oliy Radasining Inson huquqlari bo‘yicha komissari Dmitriy Lubinetsning aniqlik kiritishicha, qurbonlar XQXQda ishlagan uch ukrainalik bo‘lgan. Fojia sodir bo‘lgan joydan 70 km uzoqlikda Rossiya qo‘shinlari faol hujum qilayotgan Pokrovsk shahri joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroilning G‘azo markazidagi Nuseyrat qochqinlar lageridagi sobiq maktabga uyushtirgan havo hujumi oqibatida shu hududda faoliyat yuritayotgan olti nafar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) xodimi halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi