Ukrainada nemis tanki ishlab chiqariladi
Olam
−
10 iyun 2023
5750Ukrainada qurilayotgan Rheinmetall zavodida eng yangi nemis Panther KF51 tankini ishlab chiqarish 15-20 oy ichida boshlanishi mumkin. Bu haqda bugun, 10 iyun kuni Germaniyaning Rheinmetall mudofaa konserni rahbari Armin Papperger RND’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Biz hozirda Panther’ni seriyali ishlab chiqarishga tayyorlash ustida ishlayapmiz va 15-20 oy ichida ishga tushirilishini kutmoqdamiz”, deydi Papperger.
Shuningdek, Rheinmetall rahbari Ukraina hududida bunday zavodni yaratishda hech qanday xavf ko‘rmasligini aytgan. Shu bilan birga, u konsern Germaniyadan ishchilarni zavodga yuborishni rejalashtirmayotganini bildirgan.
“Biz, birinchi navbatda, mahalliy ishchilar uchun malaka oshirish kurslarini o‘tkazamiz, shuningdek, ularni vaqtinchalik Germaniyaga ishga jo‘natamiz. Biz har doim ham shunday qilganmiz”, degan Papperger.
Istiqbolli asosiy jangovar tank MGCS (Main Ground Combat System) uchun Germaniya-Fransiya qo‘shma dasturini amalga oshirish haqida gapirar ekan, Armin Papperger uning amalga oshirilishiga unchalik ishonmasligini ta’kidlagan.
“MGCS muhim tadqiqot, lekin hatto hukumatlar ham tank 2040 yilgacha tayyor bo‘lmaydi, deb taxmin qilmoqda. Hozir 2023 yil va biz keskin tahdid holatidamiz. Kelgusi bir necha yil ichida bizga zamonaviy jangovar tanklar kerak bo‘ladi”, deya xulosa qilgan u.
Ma’lumot uchun, Panther tanki 2022 yilning yozida Bundesverning Leopard asosiy jangovar tankiga raqobatchi sifatida taqdim etilgan. Avvaliga bu “Armata” platformasi asosidagi rus T-14 tanklarining yangi avlodiga nemislarning javobi sifatida qaralgan.