Ukrainada davlat to‘ntarishi uyushtirmoqchi bo‘lganlar qamaldi
Olam
−
10 avgust 2023
10546Ukrainda davlat to‘ntarishi uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblangan to‘rt kishi qamaldi. Bu haqda Ukraina Xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, jinoyatda ayblangan to‘rt kishi Ukraina parlamentining sobiq deputati Viktor Medvedchukning tarafdorlari bo‘lgan.
“Mahkumlar orasida Rossiya Federatsiyasi fuqarosi, kasbi bo‘yicha harbiy razvedkachi, Rossiya Federatsiyasi prezidenti ma’muriyati vakillari va tajovuzkor mamlakat maxsus xizmatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘lgan shaxs ham bor”, deyiladi Xavfsizlik xizmati xabarida.
Ta’kidlanishicha, ayblanuvchilar davlat to‘ntarishini Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini bilan sinxronlashtirmoqchi bo‘lgan va shu orqali Ukrainaning tezroq bosib olinishiga yordam berishni maqsad qilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxslar Kiyev va Ukrainaning boshqa viloyatlaridagi jamoat tashkilotlari orqali hokimiyatni egallashni rejalashtirgan. Aynan mana shu kremlparast markazlar Ukraina poytaxtida “milliy majlis”ni o‘tkazish tashabbuskori bo‘lishi maqsad qilingan.
“Ushbu forumda uning tashkilotchilari Ukraina oliy harbiy-siyosiy rahbariyatini hokimiyatdan chetlatish bo‘yicha rezolyutsiyani tasdiqlashni, u rad etilgan taqdirda “kuch ishlatish ssenariysi”ga o‘tishni rejalashtirishgan. Buning uchun ular o‘zlarining “jangovar qanot”larini tuzgan va unga besh ming qurolli kishini jalb qilishga harakat qilgan", deyiladi xabarda.
Maxsus xizmatlarning ko‘p bosqichli operatsiyalari natijasida Rossiya bosqini arafasidagi ehtimoliy davlat to‘ntarishining oldi olingan.
“To‘plangan dalillarga asoslanib, sud hujumchilarni Ukraina Jinoyat kodeksining 109-moddasi 1-qismi (konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirish, ag‘darish yoki davlat hokimiyatini egallab olishga qaratilgan harakatlar) bilan aybdor deb topdi va rossiyalikni 10 yilga, jinoyat tashkilotchisini 7 yilga va uning ikki sherigini 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi”, deya ma’lum qilinadi xabarda.
Ma’lumot uchun, Ukraina sobiq xalq deputati Viktor Medvedchuk Rossiya manfaatlarini lobbi qilishda ayblanib, 2022 yilning aprelida hibsga olingan. O‘sha yilning sentyabr oyida esa harbiy asirlarni almashish kampaniyasi doirasida “Azov” polki yetakchilari evaziga Rossiya tomoniga o‘tkazilgan. 2023 yil 10 yanvarda esa Vladimir Zelenskiy uni fuqarolikdan mahrum qilgan. Shuningdek, sal o‘tib u deputatlik mandatidan ham ayrilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina maxsus xizmatlari mamlakat yetakchisi Vladimir Zelenskiyga nisbatan suiqasd qilish uchun tayyorlanishda gumon qilingan ayolni qo‘lga olgan edi.
LiveBarchasi