Ukrainada bir necha hafta ichida o‘t ochishni to‘xtatish mumkin – Makron

Olam

image
Tramp Putinni “diktator” deyishdan tiyildi: Makronning Oq uyga tashrifi tafsilotlari north_east

Tramp Putinni “diktator” deyishdan tiyildi: Makronning Oq uyga tashrifi tafsilotlari

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, xuddi AQSH Prezidenti Donald Tramp kabi, yaqin bir necha hafta ichida Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi o‘rnatilishi mumkin, deb hisoblaydi. Bu haqda u kecha, 24 fevral kuni kechqurun Oq uyda Tramp bilan uchrashganidan keyin “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Menimcha, buni amalga oshirish mumkin. O‘ylaymanki, bu yaqin haftalarda sodir bo‘lishi mumkin”, dedi Makron.

Avvalroq Tramp ham Ukrainadagi urush “haftalar ichida” yakunlanishi mumkinligini aytgandi.

“Prezident Trampning tashabbusi juda ijobiy qadam”, dedi  Makron AQSH Prezidentining Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan aloqa o‘rnatish qarorini izohlar ekan.

Fransiya rahbari, shuningdek, Yevropa davlatlarining Rossiyaga nisbatan harakatlari va 2022 yil fevralida urush boshlanishidan oldin Ukrainadagi mojaroning oldingi bosqichlariga munosabatini tanqidiy baholadi.

Makronning so‘zlariga ko‘ra, 2014 yilda Donbassdagi separatistlar bilan urush va Qrimning anneksiya qilinishi fonida kelishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi Moskva tomonidan doimiy ravishda buzilib kelinmoqda.

“Va biz javob bermadik – hammamiz”, deb tushuntirdi Makron.

U uch yil muqaddam Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi oldidan yetarli darajada ushlab turish qobiliyatining yo‘qligiga ishora qildi. Makronning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiyaning qo‘shni davlatga qarshi urush boshlash qaroriga olib kelgan.

“Hozir vaqtinchalik sulh yoki uzoq muddatli otashkesimdan so‘ng uzoq muddatli tinchlik uchun muzokaralar olib borilishi muhimdir. Shu bilan birga, xavfsizlik kafolatlari masalalarini muhokama qilish kerak”, deb ta’kidladi Makron.

Uning aytishicha, Rossiyaga qarshi to‘xtatuvchi ta’sir yaratish uchun Ukraina armiyasi 800 mingga yaqin askarga ega bo‘lishi kerak.

Makron, shuningdek, Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan tinchlikparvar kuchlar zarur bo‘lgan taqdirda Fransiya-Britaniya taklifi ustida ishlayotganini aytdi.

Emmanuel Makron Fransiya va butun Yevropa o‘z mudofaasini ta’minlash uchun ko‘proq harakat qilishi kerakligini tan oldi.

“Prezidentingiz haq”, dedi u “Fox News” boshlovchisi Bret Bayerga.

Makronning ta’kidlashicha, yakunda hududlarni bo‘lish va Ukrainani tiklash masalalarini hal qiladigan tinchlik shartnomasi imzolanishi kerak.

Shu bilan birga, Fransiya Prezidenti Rossiya kelishuvni buzsa, AQSH qay darajada birdamlik ko‘rsatishga tayyorligini aniq belgilash zarurligini ta’kidladi. Makronning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat Yevropa xavfsizligi, balki AQSHning jahon sahnasidagi ishonchi ham xavf ostida.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Frantsiya Donal'd Tramp Rossiya-Ukraina Ukraina Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing