Tramp Putinni “diktator” deyishdan tiyildi: Makronning Oq uyga tashrifi tafsilotlari

Olam

image

Kecha, 24 fevral kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Oq uyda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Ikki yetakchi muhokama qilgan asosiy mavzulardan biri Ukrainadagi urush bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Oq uyda jurnalistlar oldida so‘zlagan Makron Yevropa Ukrainaga o‘t ochishni to‘xtatish sharti bilan xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyor ekanini ma’lum qildi, jumladan, mamlakatga harbiyni jo‘natish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Biroq ta’kidlanishicha, tinchlikparvar kuchlar front chizig‘iga yuborilmaydi.

Tramp esa Yevropa qo‘shinlarining tinchlikparvar sifatida Ukrainaga joylashtirilishiga qarshi emasligini bildirgan va bu masalani Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muhokama qilganini aytgan.

“Ha, u rozi. Men aynan shu savolni berdim. U bunga qarshi emas”, dedi Tramp.

Bundan tashqari, matbuot anjumanida Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga yordam uchun ishlatish masalasi ham muhokama qilingan. Makron G‘arb davlatlarida muzlatilgan Rossiya aktivlarini musodara qilish imkonsizligini, bu xalqaro huquqqa zid ekanini aytgan.

“Muzlatilgan aktivlardan tushgan daromadni ishlatish mumkin, ammo aktivlarning o‘zini olish imkonsiz. Bu xalqaro huquqqa zid va biz uni hurmat qilmoqchimiz”, dedi Makron.

U, shuningdek, “Katta yettilik” (G7) davlatlari ushbu aktivlardan keladigan daromadlarni Ukrainaga yordam tariqasida yo‘naltirish bo‘yicha kelishuvga erishganini eslatgan.

“Bu sanksiyalarning bir qismi”, deydi u va muzlatilgan mablag‘larning kelajagi tinchlik muzokaralarining bir qismi bo‘lishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

“Fox News”ning xabar berishicha, Makron Rossiya va Ukraina o‘rtasida yaqin haftalar ichida sulhga erishish mumkinligini aytgan.

“Havo, dengiz va yerda sulh o‘rnatilishi kerak. Agar bu amalga oshmasa, Rossiyaning urushni to‘xtatish niyati jiddiy emasligi uchun eng yaxshi dalil bo‘ladi”, dedi u.

CNN telekanaliga ko‘ra, Tramp matbuot anjumanida bir nechta bayonotlar bilan chiqqan. AQSH Prezidenti Makron bilan “eng muhim masalalar bo‘yicha” hamfikr ekanini ta’kidlab, ayni dam urushni to‘xtatish uchun eng qulay fursat ekanini qayd etgan. U, shuningdek, Makronning Ukrainaga Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarning bir qismini qaytarib olish imkoniyati haqidagi fikrini qo‘llab-quvvatlagan, biroq bu “oson emasligini” ta’kidlagan.

Tramp, shuningdek, AQSH Ukrainaga yordam uchun Yevropa davlatlariga qaraganda ko‘proq mablag‘ sarflayotganini ta’kidlagan. Bunga javoban Makron Trampni to‘xtatib, Yevropaning Ukrainaga yordami borasidagi “haqiqatni” eslatgan. Kil Jahon iqtisodiyoti instituti ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari Ukrainaga harbiy, moliyaviy va gumanitar yordam sifatida AQSHdan ko‘ra ancha ko‘proq mablag‘ ajratgan – 2023 yil dekabr holatiga ko‘ra, Yevropa 258 milliard dollar, AQSH esa 124 milliard dollar ajratgan.

CNN’ga ko‘ra, Makron Trampning ko‘p yillik aloqalaridan foydalanib, Ukraina va AQSH o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni yumshatishga umid qilgan.

“Uchrashuv oxirida Tramp Ukrainadagi urush uchun kim javobgar ekani yoki Yevropa Kiyevni yetarlicha qo‘llab-quvvatlaganmi, degan masalalarda o‘z pozitsiyasini sezilarli darajada o‘zgartirganiga o‘xshamadi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Tramp matbuot anjumanida jurnalistning savoliga javob berib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni “diktator” deb atashdan bosh tortgan.

“Men bu so‘zlarni yengil-yelpi ishlatmayman. Hammasi qanday tugashini ko‘ramiz. Voqealar rivojini kuzatamiz”, deydi u.

Bir hafta oldin esa AQSH Prezidenti Zelenskiyni urush davrida saylov o‘tkazishdan bosh tortgani uchun “diktator” deb atagandi. Zelenskiy ham allaqachon Trampning bu so‘zlariga javob bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Emmanuel Makron Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Oq uyga borgani xabar qilingandi. Makron ma’muriyat almashganidan keyin Trampning oldiga tashrif buyurgan birinchi Yevropa yetakchisiga aylangan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Frantsiya Donal'd Tramp Rossiya-Ukraina Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing