Ukrainada 6-12 oy jang qilish uchun yetarlicha askar bor – NYT

Olam

image

Ukraina Qurolli kuchlarida janglarni yana 6-12 oy davom ettirish uchun yetarlicha askar bor, shundan so‘ng Kiyev keskin ishchi kuchi yetishmasligiga duch keladi. Bu haqda kecha, 1 noyabr kuni Pentagon tahlili bilan tanish bo‘lgan rasmiylardan biriga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.

AQSH Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, Kiyev Rossiyaning Kursk viloyatidagi hujumni qo‘llab-quvvatlash uchun bir qator yangi tashkil etilgan brigadalarni yuborgan – ulardan dastlab rejalashtirilganidek, Ukrainaning sharqiy va janubiy chegaralarini himoya qilish yoki zaxiralarni yaratish uchun ishlatishda foydalanilgan. Pentagon rahbari Lloyd Ostinning qayd etishicha, Kiyev yangi askarlarni jalb etish, shuningdek, ularni tayyorlash uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda.

Joriy yil yozda amerikalik tahlilchilar Rossiya yaqin oylarda Ukrainada sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmaydi, deb hisoblagan edi. Nashrning qayd etishicha, bu taxminlar noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

“Rossiya armiyasi o‘zgardi va endi oldinga intilmoqda”, deydi AQSHning yuqori martabali harbiy amaldori.

NYT AQSHning ayrim razvedka agentliklari va Pentagon rasmiylari Ukrainaning Rossiya hujumini to‘xtata olishiga umidsizlik bilan qarayotganini yozgan.

Ukraina tomoni bilan uchrashuvda Ostin, boshqa bir qator qo‘mondonlar, shuningdek, ittifoqchi kuchlarning Yevropadagi oliy qo‘mondoni, ayni paytda AQSHning Yevropadagi qo‘mondonligiga rahbarlik qilayotgan general Kristofer Kavoli qishki harbiy rejalar va qanday qurol-yarog‘lar bilan ta’minlanishini muhokama qilgan. Pentagon vakiliga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar yaqin besh oy ichida Kiyevga o‘q-dorilar yetkazib berishi mumkin.

Shu bilan birga, 29 oktyabr kuni AQSH Prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyning idorasi rahbari Andrey Yermak Vashingtondagi ikki soatlik uchrashuvda Jo Baydenning rejalariga ham to‘xtalib o‘tgandi. Unga asosan, Bayden ma’muriyati yil oxirigacha Ukrainaga havo mudofaasi uchun artilleriya tizimlari, zirhli transport vositalari va o‘q-dorilar yetkazib berishni tezlashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina droni Stavropol o‘lkasining Svetlograd shahridagi neft omboriga hujum qilgandi. Svetlograd Stavropol o‘lkasining Petrovskiy tumanida, Stavropoldan 80 km shimoli-sharqda joylashgan. Shaharda “Rosneft-Stavropol” kompaniyasining Svetlograd neft ombori joylashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Pentagon askar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing