Ukrainada harbiy holat va safarbarlik uzaytirildi
Olam
−
27 yanvar 1901 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy holat va umumiy safarbarlikni yana 90 kunga uzaytirishni nazarda tutuvchi, Oliy Rada tomonidan ma’qullangan qonunlarni imzoladi. To‘liq miqyosdagi urush boshlanganidan buyon bu qaror 18-marta qabul qilinmoqda. Tegishli hujjatlar kecha, 26 yanvar kuni Ukraina Oliy Radasi saytida e’lon qilindi.
Zelenskiy ushbu qonun loyihalarini parlamentga 12 yanvar kuni kiritgan, 14 yanvar kuni esa deputatlar ularni ma’qullab, Prezident imzosiga yuborgan. Qonunlarga ko‘ra, safarbarlik va harbiy holat 3 fevraldan 4 maygacha amal qiladi. Fevral boshigacha esa ushbu tartiblar 2025 yil oktyabr oxirida qabul qilingan avvalgi qarorlar asosida kuchda bo‘lib turadi.
Ukrainada harbiy holat Rossiyaning 2022 yil 24 fevraldagi keng ko‘lamli harbiy bostirib kirishidan so‘ng joriy etilgan. Shu kuni Prezident Zelenskiy umumiy safarbarlik to‘g‘risidagi qonunni ham imzolagan.
2025 yilning avgust oyida Ukraina hukumati 18 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan yosh yigitlarga mamlakatni tark etishga ruxsat bergan edi.
2025 yilning dekabr oyida Zelenskiy Rossiya bilan urush Ukraina xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘lmaguncha tugamasligini, shuningdek, shu vaqtgacha harbiy holat ham bekor qilinmasligini aytgan.
Harbiy holat rejimi Ukraina hukumatiga qator cheklovlarni joriy etish huquqini beradi. Ushbu davrda mamlakat hududida erkin harakatlanish cheklanishi, shuningdek, fuqarolar va chet elliklar uchun transport harakati vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.
Bundan tashqari, davlat ayrim aholi toifalari uchun majburiy mehnat yoki jamoat ishlari joriy etishi, shuningdek, armiya ehtiyojlari uchun mulkni majburiy tarzda olib qo‘yishi mumkin.
Harbiy holat davrida Ukraina suverenitetiga tahdid soladi deb topilgan siyosiy partiyalar faoliyatini taqiqlash, mitinglar, namoyishlar va ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga cheklovlar kiritish ham qonun bilan ruxsat etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH vositachiligida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar 1 fevral kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi