“Ukraina juda qiyin tanlov oldida turibdi”. Zelenskiy xalqiga murojaat bilan chiqdi (video)
Olam
−
21 noyabr 2025 24048 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat hozir qiyin tanlov oldida turganini aytib, xalqiga murojaat yo‘lladi. U o‘z videomurojaatini Telegram sahifasiga joyladi.
Uning bu murojaati Vashingtonning joriy yil 27 noyabr kuniga qadar mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuv loyihasi imzolanmasa, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish va razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatishi bilan tahdid qilgani fonida yo‘llanmoqda.
“Biz hozir tariximizning eng og‘ir damlaridan birida turibmiz. Ukraina juda qiyin tanlov oldida turibdi: yo o‘z qadr-qimmatini yo‘qotish yoki asosiy hamkorini yo‘qotish xavfi. Yo qiyin 28 banddan iborat tinchlik rejasi yoki qahraton qish. Bizdan allaqachon ikki marta hujum qilganlarga ishonishni so‘rashmoqda va ular javob kutishyapti. Biz AQSH va hamkorlarimiz bilan xotirjam, lekin tez ishlaymiz va dushmanga Ukraina tinchlikni xohlamaydi, deyishga asos bermaymiz. Men tinchlik rejasida ikki jihat: ukrainaliklarning qadr-qimmati va erkinligini hisobga olishi uchun kurashaman. Biz urushni tugatish uchun hamma narsani qilamiz, lekin Ukraina, Yevropa va global tinchlikka barham berish uchun emas.
Biz deyarli to‘rt yildan beri dunyodagi eng katta armiyalardan birini ushlab turdik. Xalqimiz urush tugashini xohlaydi. Biz po‘latdek mustahkammiz, lekin eng kuchli metall ham sinishi mumkin. Urushning birinchi kuni qochmadik. Bu qadr-qimmat. Bu erkinlik. Rossiya uchun eng dahshatli narsa – ukrainaliklarning birligi. Endi bizga munosib tinchlik har qachongidan ham kerak. Odamlar, fuqarolar, siyosatchilar – biz birlashishimiz, janjal va siyosiy o‘yinlarni to‘xtatishimiz kerak. Ortimda Ukraina xalqi turganini bilib, munosib tinchlikka erishish menga osonroq bo‘ladi.
Keyingi hafta qiyin bo‘ladi. Bizni ajratish uchun juda ko‘p bosim bo‘ladi. Dushman hech narsaga erisha olmasligimiz uchun hamma narsani qiladi. Ularga bunday qilishga ruxsat berishga haqqimiz yo‘q. Biz tinchligimiz, qadr-qimmatimiz va erkinligimiz uchun birlashishimiz kerak. Men yolg‘iz emasligimga ishonaman”, degan u.
AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi mojaroni hal qilish rejasi 28 banddan iborat. Hujjatda Ukrainaning xavfsizlik va siyosiy maqomi, harbiy va hududiy kelishuvlar, iqtisodiy, gumanitar va energetika masalalari ko‘rib chiqiladi.
Xususan, Ukrainaning xavfsizligi va siyosiy maqomi to‘g‘risidagi kelishuvda uning suverenitetini tasdiqlash, AQSHdan shartli xavfsizlik kafolatlari, mamlakatning NATOga a’zo bo‘lishdan bosh tortishi konstitutsiyaviy belgilab qo‘yilishi, Ukraina Qurolli kuchlari sonini cheklash va uning yadrosiz maqomini saqlab qolish nazarda tutilgan. NATO, o‘z navbatida, mamlakatni blokka qabul qilmasligini tasdiqlaydi.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral