Ukraina Janubiy Koreyadan qurol so‘radi
Olam
−
11:09
1838Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov boshchiligidagi maxsus delegatsiyasi Janubiy Koreya hukumatidan bepul qurol-aslaha yetkazib berishni emas, balki uni sotishni so‘radi. Biroq Janubiy Koreya hukumati bu taklifga katta qiziqish bildirmadi. Bu haqda SBS telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 27 noyabr kuni Umarov Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol va Milliy mudofaa vaziri Kim Yon Xyon bilan uchrashgan. Ukrainaliklar ushbu tashrif uchun kun tartibi tayyorlanayotgan paytda koreyaliklarga ulardan qurol sotib olish niyatini bildirgan.
Telekanal manbasiga ko‘ra, Ukraina “Chxongun” zenit-raketa tizimlari va havo hujumidan mudofaa va radar tizimlari sotib olishni istagan. Agar Seul uchun qurollar yetkazib berish muammo tug‘dirsa, Ukraina 155 mm kalibrli snaryadlar uchun otish zaryadlarini sotishni so‘ragan.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning bir nechta mudofaa kompaniyalari Ukraina tomonidan qiziqish borligi haqida ma’lumot olgan. Biroq mamlakat Mudofaa vazirligi ushbu kompaniyalarga ukrainaliklar bilan mustaqil ravishda bog‘lanmaslikni tavsiya qilgan.
Telekanalga ko‘ra, Janubiy Koreya hukumati tekshiruvlar natijasida qurol yetkazib berish urush davom etayotgan mintaqada qonunbuzarlik hisoblanishi ehtimolini e’tiborga olgan. Bundan tashqari, AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi mojaroni tezda tugatish tarafdori bo‘lgani ham Seulning bunday takliflarga ehtiyotkorlik bilan yondashishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, Janubiy Koreyada eksport qilish uchun “Chxongun”, K2 tanklari va K9 o‘ziyurar artilleriya tizimlari zaxiralari yo‘qligi ham ushbu qarorga ta’sir ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol Seulga tashrif buyurgan Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarovni qabul qilib, Rossiya va KXDR o‘rtasidagi hamkorlikka qarshi kurash masalalarini muhokama qilgan edi.
LiveBarchasi