Ukraina Zelenskiy va Putin uchrashuviga faol tayyorlanmoqda
Olam
−
24 may
5143Ukraina va Rossiya Prezidentlari Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putinning ehtimoliy uchrashuviga Ukraina faol tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda kecha, 23 may kuni Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev xalqaro vositachilar ishtirokida kengaytirilgan muzokaralar formatini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
“Tan olamiz, bu uchrashuv kengaytirilgan formatda bo‘lishi mumkin. Biz Prezident Trampning unga qo‘shilishini juda xohlaymiz. Va biz har doim Yevropa bo‘lajak muzokaralar stolida bo‘lishi kerakligini ta’kidlaymiz”, dedi u.
Sibigaga ko‘ra, Moskva Qo‘shma Shtatlarni mojaroni hal qilish jarayonidan chetlatishga intilmoqda, biroq Kiyev Vashingtonning ishtirokini tubdan zarur deb biladi.
“Bizga AQSH ishtiroki kerak, biz AQSH va Prezident Trampning tinchlikka qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlaymiz”, deb ta’kidladi Ukraina diplomatiyasi rahbari.
Shuningdek, u Turkiyada muzokaralar davom etishi uchun hech qanday birlamchi shart bo‘lmasligi kerakligiga e’tibor qaratdi:
“Agar Rossiya delegatsiyasi o‘qigan barcha psevdotarixiy ma’ruzalarni bir chetga surib qo‘ysak, u yerda aniq kelishuvga erishildi”, dedi Ukraina vaziri.
Istanbuldagi uchrashuv 16 may kuni bo‘lib o‘tgan. “The Economist” nashrining yozishicha, Rossiya delegatsiyasi Ukrainaning Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari ustidan nazoratni Moskvaga topshirish talabini ilgari surgan, Rossiya bu hududlarni bosib ololmaydi.
Nashr manbalarining iddao qilishicha, Medinskiy agar yon berishlar rad etilsa, Ukrainaning yana ikkita viloyatini egallab olish bilan tahdid qilgan va Rossiya “cheksiz kurashga” tayyorligini bildirgan.
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar
Sibiga Istanbulda tomonlar harbiy asirlarni almashish bo‘yicha kelishib olganini va bu jarayon allaqachon boshlanganini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi qadam, Rossiyaning kelajakdagi o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi tasavvurini taqdim etishi kerak – xuddi shunday hujjat Kiyevda tayyorlanmoqda.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, kun tartibidagi uchinchi masala ikki davlat rahbarlarining shaxsiy uchrashuvini tashkil etish bo‘ladi.
Putin 11 may kuni Ukraina va Yevropa Ittifoqining Ukrainada zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarini rad etib, o‘rniga Istanbulda muzokaralarni davom ettirishni taklif qildi. Zelenskiy bunga javoban Rossiya prezidenti bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi, biroq Putin buni rad etdi va uning o‘rniga Rossiya Federatsiyasining 2022 yilda Ukraina bilan muzokaralardagi vakili bo‘lgan yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchiligidagi delegatsiyani yubordi.
Kreml Putin va Zelenskiyning shaxsiy uchrashuvi faqat delegatsiyalar ishi natijasida va aniq kelishuvlar mavjud bo‘lgan taqdirdagina mumkin ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Kreml yaqinda yana bir bor Prezident Zelenskiyning "legitim emasligi" haqidagi qarashni faol targ‘ib qila boshladi.
"Ukraina tomonidan erishilgan kelishuvlarni aynan kim imzolashi biz uchun juda muhim", deb ta’kidladi Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Bu pozitsiyani Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham qo‘llab-quvvatladi va u Moskva Zelenskiyni “noqonuniy” davlat rahbari deb bilishini eslatdi.
Yevropada ular Putin haqiqatda Ukraina bilan sulh tuzmoqchi emas, deb hisoblashadi. Amerikaning “The Wall Street Journal” gazetasi 21 may kuni AQSH prezidenti Donald Tramp ham shunday fikrda ekanini ma’lum qildi. Nashrning yozishicha, 19 may kuni Vladimir Putin bilan telefon suhbatidan so‘ng Tramp Yevropa yetakchilariga Rossiya Prezidenti Ukrainadagi urushni to‘xtatish niyatida emasligi haqida ma’lum qilgan, chunki u urushda g‘alaba qozonmoqda, deb hisoblaydi.
WSJ'ning yozishicha, Yevropa yetakchilari o‘z taxminlarining tasdig‘ini birinchi marta Oq uy rahbaridan eshitgan. Shu bilan birga, Trampning so‘zlari Putin go‘yoki tinchlikka chin dildan intilayotgani haqidagi ommaviy bayonotlariga zid edi.
LiveBarchasi