Ukraina yuzlab dronlar bilan Rossiyaning 23 hududiga zarba berdi
Olam
−
25 iyul 4778 2 daqiqa
Bugun, 25 iyulga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning bir qator hududlari hamda anneksiya qilingan Qrimga hujum qildi. Zarba oqibatida 9 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusarning ma’lum qilishicha, Rostov-Don shahrida to‘rt kishi, Krasnosulinskiy tumanida esa yana bir kishi jarohatlangan. Rostov-Donda ikkita ko‘p qavatli uy, ikkita xususiy uy, qurilishi davom etayotgan baland binolar, tijorat ob’ektlari va omborlarga yengil zarar yetgan.
Belgorod viloyati ham dronlar hujumiga uchragan. Viloyat rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksandr Shuvayev hujum oqibatida jabrlanganlar borligini, shahar ko‘chalarida shikastlanishlar va yong‘inlar yuz berganini bildirgan.
Keyinchalik Shuvayev Belgorod shahri va Belgorod tumaniga uyushtirilgan tungi hujum oqibatida to‘rt kishi, jumladan, yong‘inni o‘chirish vaqtida ishlayotgan FVV xodimi ham jarohat olganini ma’lum qilgan.
Saratov viloyatida tunda raketa va dronlar xavfi e’lon qilingan.
Rossiya Mudofaa vazirligi kecha, 24 iyul oqshomidan buyon havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaning 328 ta dronini tutib qolib, yo‘q qilganini ma’lum qilgan.
Vazirlikka ko‘ra, dronlar Belgorod, Bryansk, Volgograd, Voronej, Kirov, Kursk, Lipetsk, Nijniy Novgorod, Oryol, Rostov, Ryazan, Samara, Saratov, Tula va Ulyanovsk viloyatlari, Moskva mintaqasi, Krasnodar o‘lkasi, Chuvashiya, Mariy El, Boshqirdiston, Qalmoqiston, shuningdek, anneksiya qilingan Qrim va Azov dengizi akvatoriyasi uzra urib tushirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning kecha, 24 iyul kuni Ukrainaning Kiyev viloyatiga bergan ballistik raketa zarbasi oqibatida mudofaa sanoatiga bag‘ishlangan tadbirda 10 kishi halok bo‘lib, qariyb 100 kishi jarohatlangan edi.
Live
Barchasi