Ukraina yana aviakompaniyalarni Rossiya osmonida uchishdan ogohlantirdi

Olam

image

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Georgiy Tixiy xalqaro aviakompaniyalarni Rossiya havo hududi ustidan parvoz qilmaslikka chaqirdi. Bu haqda “Interfaks-Ukraina” xabar berdi.

Ukraina tomoni Rossiya osmoni fuqarolik aviatsiyasi uchun xavfli ekanini ta’kidlab, aviakompaniyalarni Rossiya hududi ustidan parvozlarni qisqartirish yoki butunlay to‘xtatishga chaqirgan. Kiyev sentyabr oyi boshida ham shunga o‘xshash murojaat bilan chiqqan edi.

“Rossiya osmonidan ehtiyot bo‘lishga chaqirig‘imizni takrorlaymiz, chunki u haqiqatan ham xavfsiz emas. Rossiya o‘zini mutlaqo mas’uliyatsiz tutmoqda”, degan Tixiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davom etayotgan urushda Rossiya va Ukraina tomonidan dron va raketalardan muntazam foydalanilayotganiga qaramay, Moskva o‘z havo hududini yopmayapti. Ukraina esa aviakompaniyalarni parvozlar bilan bog‘liq xavflardan ogohlantirishni o‘z zimmasiga olgan.

Shuningdek, Tixiy avvalgi murojaatdan so‘ng Rossiya osmonidagi faollik kamayganini ham ma’lum qilgan. Uning aytishicha, Ukraina Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga qilgan murojaati a’zo davlatlar va aviakompaniyalarga yetib borgan.

“Bu chaqiriqqa quloq tutish va Rossiya osmonidagi har qanday faoliyatni qisqartirish yoki butunlay to‘xtatish ularning mas’uliyatidir”, degan Ukraina TIV vakili.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 sentyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya havo hududini fuqarolik aviatsiyasi uchun “butunlay xavfli” bo‘lib borayotganini aytgan edi. U aviakompaniyalar va sug‘urta kompaniyalarini, ayniqsa Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa yirik shaharlardagi aeroportlarga parvoz qilish xavfidan ogohlantirgan. Zelenskiy Rossiya osmonida dronlar bo‘lishini, aviakompaniyalar esa buni hisobga olishi kerakligini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing