Ukraina va Rossiya “1000 ga 1000” formatida asirlarni almashdi

Olam

image

Rossiya va Ukraina mamlakatlari “1000 ga 1000” formatida harbiy asirlarni almashtirishning birinchi bosqichini amalga oshirdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Telegram-kanallarida xabar berildi.

Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Istanbulda Ukraina bilan erishilgan kelishuv doirasida 270 nafar harbiy va 120 nafar fuqaro qaytarib olingan. Qaytarilganlar orasida Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatiga hujumidan keyin Ukrainaga olib ketilgan tinch aholi ham bo‘lgan. Shu tariqa, Ukrainaga ham 270 nafar harbiy va 120 nafar fuqaro topshirilgan.

Rossiyaning qaytarilgan harbiylar va tinch aholisi Belarus hududida qolgan.

“Keyinchalik ularni Rossiyaga olib kelib, tibbiy muassasalarda davolash va reabilitatsiya qilish rejalashtirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Rossiya Mudofaa vazirligining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tomoni tashabbusi bilan boshlangan keng qamrovli almashtirish jarayoni yaqin kunlarda yana davom ettirilishi rejalashtirilmoqda.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning yozishicha, 390 kishi Ukrainaga qaytgan. Zelenskiyga ko‘ra, almashinuvning keyingi bosqichi 24 yoki 25 may kunlari amalga oshirilishi mumkin.

“Uyga qaytishi uchun yordam berayotgan, mehnat qilayotgan barcha insonlarga rahmat. Qamoqda bo‘lgan har bir kishini qaytarish juda muhim. Har bir familiya, har bir shaxs haqidagi ma’lumot tekshirilmoqda. Bunday qadamlar amalga oshishi uchun diplomatik ishlarimizni davom ettiramiz”, deya yozib qoldirgan Zelenskiy.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 16 may kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi muzokaralarda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari “1000 ga 1000” formatida mahbuslar almashinuvini amalga oshirishga kelishib olgandi. Ukraina delegatsiyasi rahbari Umarovning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar chog‘ida Prezidentlar Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning shaxsiy uchrashuvi ham muhokama qilingan. Ukraina delegatsiyasi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bilan mumkin bo‘lgan yangi muzokaralar “yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi”.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tomoni “1000 ga 1000” tartibda harbiy asirlarni almashtirish bo‘yicha ro‘yxatlarni Ukrainaga, Ukraina ham o‘z navbatida ro‘yxatni Rossiyaga topshirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina 1000 ga 1000

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing