Ukraina Rossiyaning yana bir razvedka samolyotini urib tushirdi
Olam
−
24 fevral
9680Ukraina Harbiy-havo kuchlari Rossiya Aerokosmik kuchlarining A-50 uzoq masofali razvedka samolyotini yo‘q qildi. Bu haqda Ukraina Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, general-leytenant Nikolay Oleshchuk ma’lum qildi.
Uning yozishicha, Rossiya harbiy-kosmik kuchlarining "Bayan" chaqiruv belgisi bo‘lgan A-50 samolyoti yo‘q qilingan. Oleshchuk Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasiga va ushbu natijani ta’minlagan barchaga minnatdorlik bildirdi.
Ukraina OAVlari Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi Kanevskiy tumanida joylashgan “Trudovaya Armeniya” fermasi yaqinida uzoq masofaga uchuvchi Rossiyaning A-50 radar samolyoti halokatga uchragani haqida yozmoqda.
Ukraina Bosh razvedka boshqarmasining aniqlik kiritishicha, Ukraina harbiy razvedkasi va Harbiy-havo kuchlari A-50 razvedka samolyotining modernizatsiya qilingan versiyasi bo‘lgan A-50U samolyotini urib tushirgan.
“Bu havo qo‘mondonlik punktidan uzoq masofali radarlarni aniqlash, nazorat qilish va strategik aviatsiya raketalari bilan Ukrainaga berilgan zarbalar uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish maqsadida foydalaniladi”, deyiladi xabarda.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot front chizig‘idan 215 km uzoqlikda urib tushirilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi bu ma’lumotga hozircha izoh bermadi. Rossiya ommaviy axborot vositalari esa “Krasnodar o‘lkasining Kanevskiy tumanida noma’lum samolyot qulagani”ni yozmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 14 yanvar kuni ham Ukraina harbiy-havo kuchlari Azov dengizi uzra Rossiyaning A-50 razvedka samolyotini urib tushirgandi.
LiveBarchasi