Ukraina Ozon omboriga va Samaradagi neft zavodiga zarba berdi
Olam
−
15:11 509 2 daqiqa
Ukraina Qurolli kuchlari bugun, 15 sentyabrga o‘tar kechasi Taganrogga dronlar va raketalar bilan hujum qildi. Bu haqda Rostov viloyati rahbari Yuriy Slyusar ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Ozon marketpleysi omboriga, bir nechta turar joy binolariga, do‘konlar va ma’muriy binolarga zarar yetgan. Gubernator ma’lumotlariga ko‘ra, odamlar jabrlanmagan. Ozon kompaniyasi Taganrogda raketa xavfi sababli logistika hamkorining yetkazib berish xabi evakuatsiya qilinganini ma’lum qilgan. Kompaniya ushbu xabda sotuvchilarning tovarlari “hech qachon qabul qilinmagani va u boshqa operatsiyalarni bajarishini” bildirgan.
Ukrainaning “Exilenova+” monitoring loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, zarbaning nishonlaridan biri harbiy samolyotlarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi G. V. Beriyev nomidagi Taganrog aviatsiya ilmiy-texnika majmuasi bo‘lgan.
Ukraina dronlari, shuningdek, Samara viloyatiga ham hujum qilgan. Gubernator Vyacheslav Fedoriev tafsilotlarga to‘xtalmay, sanoat korxonalaridan biriga zarar yetganini ma’lum qilgan. “Astra” va Ukraina monitoring kanallari “Rosneft”ga tegishli bo‘lgan “Sizran” neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilinganini yozmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Rossiyaning energetika infratuzilmasi ob’ektlariga zarba bermaslikka rozi bo‘lganini va Rossiya ham go‘yoki shunday qilishga rozilik berganini ma’lum qildi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bunday kelishuvga tayyorligini tasdiqladi, ammo Rossiya unga amal qilishiga shubha bildirdi. Kremlda Trampning Ukrainani Rossiya NQIZlariga zarba berishni to‘xtatishga qilgan chaqirig‘i mamnuniyat bilan kutib olindi. Biroq Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning Rossiyaning o‘zi zarbalarni to‘xtatadimi yoki yo‘qmi, degan savoliga javob bermadi. “Financial Times” manbalari Tramp energetika sulhi haqida e’lon qilishga “shoshilganini” xabar qildi.
Live
Barchasi