Ukraina nomidan muzokara olib bormayman – Tramp 

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘ladigan uchrashuvda Ukraina nomidan hech qanday muzokara olib bormasligini va Kiyevning Rossiya bilan hududiy almashinuvlarga kirish-kirmaslik masalasini o‘zi hal qilishiga yo‘l qo‘yishini bildirdi. Bu haqda u bugun, 15 avgust kuni Alyaska tomon uchayotgan Air Force One bortida jurnalistlarga bayonot berdi.

Trampning aytishicha, uning asosiy maqsadi – ikki tomonni muzokara boshlashiga erishish, hududiy almashinuvlar esa shu jarayonda muhokama qilinadi.

“Bu masalalar muhokama qilinadi, lekin men Ukrainaga bu qarorni o‘zi qabul qilishga yo‘l berishim kerak. Ular to‘g‘ri qaror qabul qiladi, deb o‘ylayman. Men bu yerga Ukraina nomidan muzokara olib borish uchun emas, balki ularni bir stol atrofida o‘tkazish uchun kelganman”, deydi AQSH rahbari.

“Reuters”ning yozishicha, uning bayonotlari AQSH-Rossiya muzokaralaridan xavotirlanayotgan Kiyev uchun ma’lum bir tasalli bo‘lishi mumkin. 

Trampning aytishicha, Rossiyaning Ukrainadagi hujumi, ehtimol, urushni tugatish bo‘yicha har qanday muzokaralarda Putinning "qo‘lini mustahkamlashga" yordam berishi mumkin.

“Putin ehtimol “sahnani” tayyorlayapti. Menimcha, ular qandaydir kelishuv qilishga urinyapti. Putinning fikricha, muzokara unga yanada ko‘proq muammoni yechishga yordam beradi. Aslida esa bu unga zarar keltiradi” dedi u.

AQSH Prezidentining aytishicha, Rossiya iqtisodiyotining ahvoli va masalaning o‘ta ahamiyatliligi hisobga olinganda, uning Putin bilan uchrashuvi muayyan natijalar berishi kutilmoqda.

“Putin aqlli odam, men ham shunday… Biz bir-birimiz bilan chiqishib ketamiz, har ikki tomonda ham hurmat mavjud va bilasizmi, menimcha, bundan nimadir chiqadi”,  dedi Donald Tramp.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Putin Rossiyadan biznes vakillarini ham olib kelayotgani yaxshi belgi, ammo urush tugamaguncha hech qanday kelishuv tuzilmaydi.

“Bu menga yoqadi, chunki ular biznes qilishni istaydi, ammo urush hal etilmagunicha hech qanaqasiga biznes qilinmaydi”, dedi u.

Vladimir Putin va Donald Trampning Ankorijdagi uchrashuvidagi Amerika delegatsiyasi tarkibida Davlat kotibi Marko Rubio, Savdo vaziri Govard Lyutnik va Moliya vaziri Skott Bessent, shuningdek, Prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff bor.

Rossiya delegatsiyasi tarkibiga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Ushakovning o‘zi, Mudofaa vaziri Andrey Belousov, Moliya vaziri Anton Siluanov, Rossiya Prezidentining xorijiy davlatlar bilan sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev kiradi. Muzokaralardan so‘ng Putin va Tramp qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazadi.

Muzokaralarning asosiy mavzusi Ukrainadagi kelishuv, jumladan, 6 avgust kuni Kremlda AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff ishtirokidagi muhokamalar natijalarini hisobga olgan holda bo‘ladi. Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, ikki tomonlama hamkorlik, xususan, savdo-iqtisodiy sohadagi keng ko‘lamli masalalar ham muhokama qilinadi.

Dilbar Shoakromova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing