Ukraina NATOga hech qanday shartlarsiz qabul qilinishi kerak – Boris Jonson

Olam

image

Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Boris Jonson Ukraina NATOga hech qanday shartlarsiz qabul qilinishi kerakligini aytdi. Bu haqda u “Daily Mail” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Boris Jonson NATOni tarixdan saboq chiqarmaganlik va shu hafta Vilnyusda bo‘lib o‘tgan alyans sammitida Rossiyaga “to‘g‘ri messej” yuborish imkoniyatini qo‘ldan boy berganlikda ayblagan.

Sobiq Bosh vazir nashrga bergan intervyusida NATOning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini keskin tanqid ostiga olgan. Uning aytishicha, hech bir davlat Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lishga mosligini isbotlash uchun Ukrainachalik ko‘p ish qilmagan.

“Alyans qilishi kerak bo‘lgan yagona ish Ukraina uchun hoziroq doimiy a’zolikni berish emas, (urush davom etar ekan, buning ma’nosi yo‘q) balki uni g‘alabaga erishilgan zahoti qabul qilish bo‘lishi kerak”, deydi u.

Shuningdek, Jonson Rossiya Ukrainani o‘z ta’sir doirasiga qaytarish imkoniyati mavjud deb hisoblar ekan, bunga harakat qilaverishini ta’kidlagan.

“Putinni jilovlab turishga qaratilgan harakatning 20 yillik sabog‘ini qachon chiqaramiz? Bizning noaniqligimiz, ikkilanishimiz va aniq qaror qabul qila olmaganimiz uni [Ukrainaga]bostirib kirishga undadi. U Ukrainani Moskva orbitasiga qaytara olaman, deb o‘ylar ekan, Sovet Ittifoqini qayta tiklay olaman, deb hisoblar ekan, bunga harakat qilaveradi”, deydi sobiq bosh vazir.

Ma’lumot uchun, NATOning 11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tgan sammitida Ukrainani alyansga qabul qilish bo‘yicha aniq shartlar ma’lum qilinmadi. Buning o‘rniga mamlakat “ittifoqchilar rozi bo‘lganida va shartlar bajarilganda” a’zolik uchun taklif yuborishi mumkinligi aytildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina NATOga a’zo bo‘lishga haqli ekanini aytgandi. Portugaliya esa Vilnyus sammitidan avvalroq Zelenskiy bilan telefon suhbatida Ukrainaning alyansga a’zoligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha deklaratsiya tuzdi. Biroq Germaniya va AQSH Ukrainaning Rossiya bilan urush tugamasidan avval blokka qo‘shilishiga qarshi chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Ukraina Boris Jonson

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing