Ukraina Moskvaga AQSH qurollari bilan hujum qila olmaydi – Bayden
Olam
−
07 iyun
8966Kiyevga topshirilgan Amerika qurollari Moskva yoki chegaradan sezilarli masofada joylashgan boshqa hududlarga hujum qilish uchun ishlatilmasligi kerak. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 6 iyun kuni ABC News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vashington ushbu qurollarni Rossiya hududida Ukraina bilan chegaraga yaqin joyda ishlatishga ruxsat berdi.
"Biz Rossiyaga 200 mil chuqurlikda zarbalar o‘tkazishga, Moskva va Kremlga qarshi zarba berishga ruxsat bermaymiz", deya qo‘shimcha qildi Bayden.
Biroq u Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba berish uchun Amerika qurollari allaqachon qo‘llanilganmi, degan savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermadi.
Bundan tashqari, Bayden Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni “insofsiz odam” deb atadi.
“U diktator va hujumini davom ettirar ekan, o‘z mamlakatini ushlab qolish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilmoqda”, deydi AQSH Prezidenti.
Avvalroq, Rossiyaning Xarkov viloyatiga hujumlari kuchayishi fonida Vashington Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga zarba berishga yashirincha ruxsat bergani ma’lum bo‘lgan edi. Biroq, "Politico" va CNN nashrlarida ta’kidlanganidek, ruxsat Rossiya Federatsiyasi tomonidan hujumlarga duchor bo‘lgan Xarkovni himoya qilish uchun Xarkov viloyati bilan chegaradagi hududlarga tegishli.
Xuddi shunday bayonotlar Fransiya, Litva, Latviya, Kanada, Shvetsiya, Estoniya, Polsha, Germaniya, Finlyandiya, Chexiya, Buyuk Britaniya va Niderlandiya tomonidan ham qilingan.
May oyida NATO va Yevropa Ittifoqi Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan G‘arb qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga chaqirgan edi.
LiveBarchasi