Ukraina Moskva neftni qayta ishlash zavodiga zarba berdi
Olam
−
11 mart 9995 4 daqiqa
Bugun, 11 mart kuni Ukraina dronlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini ta’minlashga jalb qilingan qator strategik ob’ektlarini, jumladan Kapotneda joylashgan Moskva neftni qayta ishlash zavodini nishonga oldi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi bayonot berdi.
Ukraina harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, dronlardan biri “Gazpromneft” neftni qayta ishlash zavodining ishlab chiqarish quvvatlariga zarba bergan. Ushbu zavod yiliga 11 million tonna neftni qayta ishlaydi va Moskvadagi dizel hamda benzin iste’molining 50 foizini ta’minlaydi.
Hozircha bu ma’lumot mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan. Biroq “Mash” Telegram-kanali Kapotnedagi o‘rmon bog‘ hududida dron qoldiqlari topilgani haqida xabar bergan. Unga ko‘ra, ob’ektga yetkazilgan portlovchi moddalar ishlamagan. Shuningdek, zavod atrofidagi yo‘llar vaqtincha yopilgan.
Ukraina Bosh shtabi, shuningdek, Orlov viloyatidagi “Stalnoy kon” liniyali ishlab chiqarish-dispetcherlik stansiyasida portlashlar sodir bo‘lganini ma’lum qilgan. Ushbu stansiya Rossiyadan “Drujba” neft quvuri orqali Yevropaga, xususan “Ust-Luga” portiga yo‘naltirilgan yoqilg‘i yetkazib berish jarayonini boshqaradi.
VCHK-OGPU kanali tunda Ukraina dronlari Orlov viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum uyushtirganini xabar qilgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, zarba berilgan joyda yong‘in boshlangan. Ukraina dronlari 2024 yil dekabr oyida ham ushbu neft infratuzilmasi ob’ektiga ikki bor hujum qilgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 11 mart kuni Rossiyaga qilingan eng yirik dron hujumlaridan biri oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, 20 kishi jarohatlandi. Shuningdek, Belgorod viloyatining Shebekino shahrida joylashgan bo‘yoq va lak ishlab chiqaruvchi zavodda yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Dastlab, bu haqida “Pepel Belgorod” nashri xabar berdi, keyinroq viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov ham ma’lumotni tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlar bilan zarba berilishi oqibatida zavod omborining 700 kvadrat metr maydonida yong‘in kelib chiqqan. Gubernatorning aytishicha, zavodning tiklanishi uchun Rossiya hukumati yordam ajratadi.
Shuningdek, “Astra” nashrining xabariga ko‘ra, yana bir dron Moskva viloyatining Serpuxov shahrida joylashgan “Oka-sentr” neft bazasiga hujum qilgan. “Mash” kanali ma’lumotiga ko‘ra, dron qoldiqlari zavod hududiga tushgan, ammo yoqilg‘i saqlash sig‘imlariga zarar yetmagan. Keyinchalik mahalliy hokimiyat organlari ob’ektda yong‘in chiqqanini, ammo tezda o‘chirilganini ma’lum qilgan.
Ushbu hujumlarga Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko ham munosabat bildirgan. U bu hujumni “Putinga o‘t ochishni to‘xtatish zarurligi haqida signal” deb atagan.
“Dronlar faqat neftni qayta ishlash zavodlariga emas, balki Moskvaga ham doimiy ravishda uchib borishi mumkin”, degan Kovalenko.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa Ukraina tomonidan “urushni davom ettirish qobiliyatini namoyish qilish” va “fuqarolik infratuzilmasiga ommaviy zarba berish” harakati amalga oshirilganini bildirgan. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kechasi Rossiya hududi uzra 343 ta Ukraina droni urib tushirilgan, jumladan Kursk AES hududi yaqinida olti dron yo‘q qilingan.
So‘nggi kechada Moskva shahri va Moskva viloyati 300 dan ortiq Ukraina dronlari tomonidan hujumga uchragan. Moskva meri Sergey Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt yaqinida 74 ta dron urib tushirilgan, yana yuzlab hujumkor dronlar Moskva viloyatining turli hududlarida yo‘q qilingan. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi 20 kishi, jumladan uch nafar bolaning jarohatlanganini ma’lum qilgan. Hujum oqibatida “Miratorg” kompaniyasining uch xodimi halok bo‘lgan. Ular Domodedovo okrugi, Yam qishlog‘ida joylashgan distribyutor markazi avtoturargohida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahri va uning atrofiga Ukraina dronlari ommaviy hujum uyushtirishi oqibatida 1 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Shuningdek, Ryazan va Tula viloyati rasmiylari ham dron hujumlari qaytarilgani haqida xabar bergan. Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkovning aytishicha, dronlar viloyatning bir qancha hududlariga hujum qilgan. Xususan, Krasnaya Yaruga qishlog‘ida elektr uzatish liniyalari zarar ko‘rgan, Valuyki shahrida uy yonib ketgan, Gorovron tumani, Dobroye qishlog‘ida bir xususiy uy va to‘rtta avtomobilga zarar yetgan.
Live
Barchasi