Ukraina Kurskning bir qismini yana bir necha oy ushlab turishi mumkin – “Bloomberg”

Olam

image

Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi egallangan hududni kamida yana bir necha oy davomida ushlab turishi va bu Moskva bilan bo‘ladigan muzokaralarda muhim omil bo‘lishi mumkin. Bu haqda yuqori lavozimli amerikalik amaldorlarga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Ukraina kuchlari Rossiya hududidagi guruhlarini ta’minlashda hech qanday muammoga duch kelmagan. Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlari Kursk viloyatini ozod qilish o‘rniga Donbassni egallashga qaratilgan cheklangan qarshi hujumlarni amalga oshirgan. Bundan tashqari, Ukraina Qurolli kuchlariga egallangan Rossiya hududida barqarorroq artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berish uchun yaqinda qo‘shimcha yordam beriladi. Hozirda Kiyev qishda mudofaani qanday tashkil etishni hal qilmoqda va kelgusi yildagi harbiy harakatlarni, jumladan, yangi tuzilgan brigadalarni jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Nashrga ko‘ra, joriy yilning 6 avgustidan boshlagan Ukraina qo‘shinlarining to‘satdan Kursk viloyatiga bostirib kirishi G‘arbdagi Kiyev ittifoqchilarida katta taassurot qoldirdi. Biroq ba’zi amerikalik amaldorlar agar Rossiya qarshi hujum uyushtirsa va Ukraina qo‘shinlarini tezda siqib chiqarsa, bu operatsiyaning narxi juda yuqori bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Qayd etilishicha, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Qurolli kuchlari tomonidan egallangan hududni kelajakdagi muzokaralarda almashuv vositasi sifatida ishlatishi mumkinligini ma’lum qilgan. Biroq Rossiya hukumati Kursk yaqinidagi ukrain kuchlarini siqib chiqarmaguncha Kiyev bilan muloqot qilish imkoniyatini rad etgan.

Hujum davomida Ukraina armiyasi taxminan 1300 kvadrat kilometr va 100 ga yaqin aholi punktini nazoratga olgan. Shundan so‘ng, Rossiya armiyasi qarshi hujumni boshlagan va o‘nlab qishloqlarni ozod qilgani haqida xabar bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti va G‘arb davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar jarayoni bilan tanish bo‘lgan bir nechta amaldor Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar shartlarini muhokama qilish va urushni tugatishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Kurks

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made