Ukraina Xitoyni aybladi
Olam
−
05 Oktabr 8484 2 daqiqa
Ukraina Tashqi razvedka xizmati Xitoyning Rossiyaga Ukraina hududiga, xususan, xorijiy investorlar ob’ektlariga raketa zarbalari uchun sun’iy yo‘ldosh razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan holatlarini hujjatlashtirdi. Bu haqda razvedka xodimi Oleg Aleksandrov kecha, 4 oktyabr kuni “Ukrinform” axborot agentligiga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning yuqori darajasi “yo‘q qilish uchun strategik nishonlarni” aniqlash maqsadida sun’iy yo‘ldosh orqali razvedka o‘tkazishda qayd etilgan.
“Bundan tashqari, so‘nggi bir necha oy ichida ko‘rganimizdek, bu maqsadlar xorijiy investorlarga tegishli bo‘lishi mumkin”, degan Aleksandrov.
Mukachevodagi Amerika zavodiga hujum
Joriy yilning 21 avgust kuni Rossiyaning raketa hujumi oqibatida Ukrainaning Zakarpate viloyati, Mukachevo shahridagi Amerikaning Flex-Ukraine elektronika zavodi vayron qilingan edi. Mukachevo shahar kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum ob’ektda yong‘inga sabab bo‘lgan, taxminan 12 kishi jarohatlangan. Shundan so‘ng rasmiylar aholini derazalarni mahkam yopishga va uyda qolishga chaqirdi. Bunga Rossiyaning raketa zarbasi oqibatida havo ifloslanishi sabab bo‘lgan.
23 sentyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Xitoyni Rossiyaning Kiyevga qarshi urushini tugatishga yordam berishni istamaganlikda aybladi.
“Agar Xitoy haqiqatan ham bu urush tugashini istasa, Moskvani bu bosqinni to‘xtatishga majbur qilishi mumkin edi. Xitoysiz Putin Rossiyasi hech narsa emas, lekin Xitoy tinchlik uchun harakat qilish o‘rniga jim va chetda qolmoqda”, degan edi Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida.
AQSH razvedkasi avvalroq Pekin Moskvani sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar bilan ta’minlab, unga kosmik salohiyatini rivojlantirishga yordam berishini bir necha bor da’vo qilgan.
Rossiya va Xitoy rasmiylari esa ikki tomonlama hamkorlik “uchinchi davlatlarga qarshi emasligini” ta’kidladi.
Live
Barchasi