Ukraina “kamikadze”larni Putinga bergani uchun Eronga javob qilmoqchi

Olam

image

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Eron bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatish bo‘yicha taklifni Prezident Vladimir Zelenskiy ko‘rib chiqishi uchun taqdim etish niyatida. Bu haqda uning o‘zi bugun, 18 oktyabr kuni Kiyevdagi brifingda ma’lum qildi. 

“Eron uchuvchisiz uchoqlarining Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga yetkazgan ulkan vayronagarchiliklari, xalqimiz boshiga tushgan o‘lim va azob-uqubatlarni hamda Eron Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishda davom etishi mumkinligi haqidagi xabarlar paydo bo‘lishini inobatga olib, men Ukraina Prezidentiga Eron bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatish bo‘yicha taklif kiritaman”, deydi Kuleba. 

Vazirning ta’kidlashicha, Ukraina hech qachon Eronga qarshi pozitsiyani egallamagan, biroq Eron Rossiyaning tajovuzkorligi va jinoyatlariga sherik bo‘lganidan keyin Kiyev juda aniq va halol pozitsiyani tutdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Eron Rossiyaga qurol yetkazib berishni to‘xtatsa, u holda Kiyev butun munosabatlar majmuasini qayta tiklashni muhokama qilishga tayyor bo‘ladi. 

Kuleba Eronning xatti-harakatlarini Ukraina “toqat qilmaydigan bema’nilik va yolg‘on” deb atadi. 

Uning ta’kidlashicha, Tehron Ukraina bilan munosabatlarning buzilishi uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. 

Ayni paytda, 18 oktyabr kuni Oliy Radaga Eron bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatish haqidagi rezolyutsiya loyihasi yuborilgani ma’lum bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, kecha 17 oktyabr kuni Ukraina hududi bo‘ylab Kiyevga uyushtirilgan dronlar hujumlari hamda Dnepr va Sumi viloyatlariga raketa zarbalaridan so‘ng havo ogohlantirishi e’lon qilindi. Ukraina poytaxtida havo hujumi 3 soat 8 daqiqa davom etdi, yangi zarbalar soat 9:31 da berildi. Erta tongda signal qabul qilingani sababli, dushanba kuni Kiyevdagi barcha ta’lim muassasalari masofaviy ish rejimiga o‘tkazildi.

Ukraina va AQSHga ko‘ra, ushbu dronlar Eronning "kamikadze" dronlari bo‘lib, Tehron BMT sanksiyalarini buzib, Rossiyaga portlovchi, uchuvchisiz samolyotlar yetkazib bermoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin kamikadze

Baholaganlar

152

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing