Ukraina qanday zaryadlandi?
Tahlil
−
17 avgust
184292022 yilning 24 fevralida Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga zulm hokimiyati ramzi bo‘lgan SSSR bayrog‘i qadalgan tanklar bilan kirib kelgandi. Ammo oradan 2 yarim yil o‘tib, joriy yilning avgust oyi boshlarida Rossiya hududida endi Ukraina bayrog‘i qad rostladi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini jarayonida frontda tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. 2 yarim yildan buyon mudofaa pozitsiyasida harakatlangan Ukraina Qurolli kuchlari urushda kutilmagan burilish yasadi. Rasmiy Kiyev bosqinga bosqin bilan javob berish orqali Kreml yuziga ko‘zgu tutdi va ular endilikda urushning og‘rig‘ini Rossiya o‘z tanasida his qilishi uchun jiddiy yurish boshladi. Ortda qolgan kunlarda Rossiyaning Ukraina bilan chegaradagi Kursk viloyatida nimalar sodir bo‘layotgani, Ukraina harbiylari mazkur viloyatda qancha aholi punktini qo‘lga kiritgani, ayni damda umumiy hisobda qanday kattalikdagi hududni nazorat qilayotganidan butun dunyo hayratda. Ammo voqealar rivoji shu taxlit davom etar ekan, bir savol barchani birdek o‘ylantirmoqda. Ukraina qo‘shinlari Rossiya hududlarini bosib olishi shunchaki tasodifmi va bu hududlarni qancha paytgacha o‘z nazoratida ushlab tura oladi? Ayni damda Kurskning Ukraina bayrog‘i ostidagi yerlari qancha payt ushlab turilishini bilmadik-u, lekin Aleksandr Sirskiy boshchiligidagi kuchlar Rossiya yerlariga qadam qo‘yishi tasodif emasdek ko‘rinadi. Ukrainaning frontdagi qaytadan tirilishi va Kremlni shok holatga tushirishi ortda qolgan yarim yil davomida Kiyev siyosiy elitasidagi yirik o‘zgarishlar va Kollektiv G‘arbning qo‘llov siyosatidagi keskin burilishlar mevasi bo‘lishi mumkin. Quyida esa bugun Putinni esankiratgan Kursk voqeasining asosiy omili bo‘lmish Ukrainaning qayta zaryadlanishi qanday ro‘y berganiga batafsil to‘xtalamiz.
Muvaffaqiyatli tozalash
2023 yilning so‘nggi kunlari. Ukrainadagi tushkunlik va umidsizlik o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetdi. Shu yilning yoz-kuz oylarida Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarning muhim qismini qaytarib olish uchun boshlagan qarshi hujumi muvaffaqiyatsiz tarzda yakunlandi. Mamlakat defolt yoqasida bo‘lib, bir qarashda deyarli fail state holatidagi davlatni eslatardi. Vaziyat murakkab tus olgan paytda dard ustiga chipqon bo‘lib, mamlakat Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni va Prezident o‘rtasida nizo kelib chiqqani haqida mish-mishlar tarqaldi. Bu gap-so‘zlar haqiqatga ancha yaqin edi. 2024 yil boshida “Reuters” agentligi Ukraina boshqaruvidagi manbalarga tayanib, Bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniy va Prezident Vladimir Zelenskiy o‘rtasida urush olib borishning kelajakdagi strategiyasi, shuningdek, bir qator boshqa masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar mavjud, deya xabar berdi. Manbalardan biriga ko‘ra, Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasida qo‘shimcha chaqiruv masalasida ham kelishmovchiliklar yuzaga kelgan, bu vaqtda general 500 ming kishini safarbar qilishni taklif qilgan. Biroq oldingi yildagi muvaffaqiyatsiz qarshi hujumdan hafsalasi pir bo‘lgan va Zalujniyga nisbatan ishonchi tugab borayotgan Zelenskiy bu taklifni rad etgan. Ikki yirik figura o‘rtasida jiddiy qarama-qarshilik start olgan. Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 1 fevral kuni Zalujniy Amerikaning CNN telekanali saytida maqola chop etib, unda Ukraina rahbariyati yetarlicha askarni safarbar eta olmagani mag‘lubiyatning asosiy sabablaridan biri ekanligini davo qilgan. Shundan so‘ng, G‘arb va Ukraina ommaviy axborot vositalari Zelenskiy Zalujniydan iste’foga chiqishni iltimos qilgani, ammo Bosh qo‘mondon Prezidentning bu iltimosini rad etgani haqida gapira boshladi. Oradan 2 kun o‘tib, 3 fevralda “Reuters” AQSH Prezidenti ma’muriyatidagi manbalarga tayanib, Ukraina rasmiylari Vashingtonni mamlakat Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni ishdan bo‘shatish rejalari haqida ogohlantirgani haqida xabar berdi. Biroq Oq uy amaldorlari Ukraina bo‘yicha suveren qarorlar qabul qilish faqat va faqat Ukrainaning o‘ziga bog‘liqligi va buning uchun AQSHdan ruxsat so‘rash shart emasligini ma’lum qilgan. Oq uy tomondan “yashil chiroq” yoqilgach, Zelenskiy darhol ishga kirishadi. Oradan bir sutka o‘tib, 4 fevral kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va nihoyat bu masala bo‘yicha yorildi va mamlakat Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni almashtirishni o‘ylayotgani xususida Italiya telekanallarining biriga bergan intervyusida so‘z ochdi. U nafaqat harbiy sohada, balki boshqa sohalarda ham davlatning ayrim yetakchi amaldorlarini almashtirishni nazarda tutganini aytdi. Prezidentning aniqlik kiritishicha, gap "mamlakat mashinasini boshqaradigan" butun boshqaruv guruhi haqida ketayotgandi.
“Men qayta ishga tushirish va kadrlar almashinuvi haqida gapirganda, bir kishiga emas, balki mamlakat rahbariyatining yo‘nalishiga taalluqli jiddiy narsani nazarda tutyapman”.
Bu orada esa munozaralar hamda Zelenskiy va Zalujniy o‘rtasidagi savdolashish jarayoni avj olgandi. “The Economist” jurnali bir muddat ilgari Zelenskiy Zalujniy bilan uchrashuv o‘tkazgani va Prezident generalga uni ishdan bo‘shatish haqidagi qarori haqida ma’lum qilgani hamda uni Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi lavozimiga yoki Yevropadagi biron bir davlatga elchi bo‘lishni taklif qilgani haqida xabar berdi. Ammo Bosh qo‘mondon Prezidentning bu takliflarini qat’iy tarzda rad etgan. Manbaga ko‘ra, Zalujniyning o‘rnini Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov egallashi kerak bo‘lgan. Biroq u ham oxirgi lahzada mamlakat Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimini egallashdan bosh tortgan. Budanov bo‘lmasa boshqasi. O‘sha paytda Zalujniyning o‘rniga yana bir ehtimoliy nomzod bor edi. Bu Ukraina Qurolli kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy edi. Zalujniyni o‘yindan chiqarish uchun Zelenskiyga bir hafta yetarli bo‘ldi. Joriy yilning 8 fevral kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni ishdan bo‘shatdi va uning o‘rniga kutilganidek Aleksandr Sirskiy tayinlandi.
“Bugundan boshlab Ukraina Qurolli kuchlarini yangi jamoa boshqara boshlaydi. Men general-polkovnik Sirskiyni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni etib tayinladim”, deydi Zelenskiy videomurojaatida.
Yangi tayinlovni e’lon qilgan murojaatida Zelenskiy Aleksandr Sirskiyni yaxshigina PR qildi. U harbiy mulozimni eng tajribali ukrainalik qo‘mondon deb atadi va u urush boshida Kiyevni muvaffaqiyatli mudofaa qilishga, keyin esa 2022 yil kuzida Xarkov viloyatida muvaffaqiyatli hujumga qo‘mondonlik qilganini aytdi. Ukraina armiyasidagi qon almashish jarayoni shu tarzda boshlandi.
“Baxmut qassobi” – Aleksandr Sirskiy
Aleksandr Sirskiy Rossiyada – 1965 yil 26 iyulda Vladimir viloyati, Kirjachskiy tumani Novinki qishlog‘ida tug‘ilgan. Moskva oliy qo‘shma qurol qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlagan. Xizmatni 1986 yilda Sovet armiyasi saflarida moto o‘qchilar otryadi komandiri sifatida boshlagan. Mustaqillikdan keyingi davrlarda, xususan, 2000-2002 yillarda u Ukraina Qurolli kuchlarining Beloy Serkvdagi (Kiyev viloyati) 72-alohida mexanizatsiyalashgan diviziyasi shtab boshlig‘i va qo‘mondonning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2007 yilda Sirskiy shtab boshlig‘i – Ukraina Qurolli kuchlari Birlashgan Operativ Qo‘mondonligi qo‘mondoni birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. Oradan 4 yil o‘tib, bir muddat Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining Harbiy hamkorlik va tinchlikparvarlik operatsiyalari bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. Aleksandr Sirskiy 2013 yilda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondonlik markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan va NATO bilan hamkorlikni nazorat qilgan, xususan, Ukraina Qurolli kuchlarini alyans standartlariga moslash bo‘yicha muzokaralarda Ukraina tomonidan vakillik qilgan. 2014 yilda Ukraina sharqida harbiy harakatlar boshlanganidan so‘ng Terrorga qarshi operatsiya qo‘mondoni o‘rinbosari etib tayinlangan. 2015 yil boshida u Donetsk va Lugansk viloyatlaridagi Terrorga qarshi operatsiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – shtab boshlig‘i lavozimini egallaydi. Rossiyaning hujumi boshlanishi bilan u quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni bo‘lgan. U Ukraina Qurolli kuchlari uchun muvaffaqiyatli operatsiyalarni – Kiyevni mudofaa qilish va 2022 yil kuzida Xarkov viloyatidagi hujumni boshqargan. Xarkov hujumidan so‘ng Aleksandr Sirskiy Zalujniyning o‘rnini bosishi mumkinligi haqida gaplar tarqala boshlagan. 2023 yilda Sirskiy Ukraina Qurolli kuchlari uchun unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmagan Baxmut uchun janglarga qo‘mondonlik qildi. Sirskiy ushbu operatsiyadagi katta yo‘qotishlar tufayli “Baxmut qassobi” laqablarini oldi. Aleksandr Sirskiy tashabbusi bilan Ukraina Qurolli kuchlarida NATO namunasidagi zaxira tayyorlash tizimi joriy etilgan va quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondonligi tarkibida uchta ixtisoslashtirilgan qo‘mondonlik tashkil etilgan. 58 yoshli Sirskiy oddiy jangchilar orasida unchalik mashhur emas. Ularning ko‘pchiligi uni Baxmutda uzoq vaqt davomida chekinishga rozi bo‘lmagan holda o‘z qo‘shinlarini qirilib ketishiga sababchi bo‘lgan “sovet uslubidagi qo‘mondon” deb bilishardi. Ammo bu paytda Sirskiyning harbiy ambitsiyalari va oldinda turgan sensatsion natijalari hali hech kimning xayoliga ham kelmagandi.
Yangi Ukraina armiyasi
8 fevral kuni Aleksandr Sirskiy bilan boshlangan tarkibdagi o‘zgarishlar keyingi 48 ichida Sirskiy boshchiligida darhol davom ettirildi. Bu safar juda katta va keng masshtabda. 10 fevral Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Sergey Shaptalani ishdan bo‘shatdi. Uning o‘rniga avvalroq mamlakat qurolli kuchlarining hududiy mudofaa kuchlariga rahbarlik qilgan general-mayor Anatoliy Bargilevich tayinlandi. Bu haqda Zelenskiy videomurojaatida ma’lum qildi. Zelenskiy Bargilevichni ushbu urushning vazifalari va Ukraina maqsadlarini tushunadigan tajribali odam deb ta’rifladi. Ushbu tayinlov esa Ukraina Qurolli kuchlarining yangi Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy taklifi bilan amalga oshirilgan. Bundan tashqari, Ukraina Prezidenti Sirskiy o‘z o‘rinbosarlarini allaqachon tanlaganini ham qo‘shimcha qildi. U ularning ismlarini aytmadi, lekin barcha yigitlar jangovar, professional ekanini ma’lum qildi. Tarlibdagi haqiqiy reforma boshlandi. Oradan ko‘p o‘tmay Zalujniyning iste’foga chiqishiga sabab bo‘lgan kadrlar o‘zgarishining to‘liq ro‘yxati tarmoqlarga sizdirildi. Mutaxassisligi – uchuvchisiz qurilmalar bo‘lgan polkovnik Vadim Suxarevskiy va texnoinnovator polkovnik Andrey Lebedenkolar Sirskiyning o‘rinbosarlari etib tanlangani ma’lum bo‘ldi. Uch brigada generali Bragilevichning o‘rinbosarlari tarkibi ham o‘zgardi: Vladimir Gorbatyuk (rejalashtirish), Aleksey Shevchenko (logistika) va Mixail Drapatiy (kadrlar tayyorlash). Vladimir Zelenskiyning buyrug‘i bilan yana bir nechta asosiy qo‘mondonlar almashtirildi:
- Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Pavlyuk quruqlikdagi qo‘shinlar boshlig‘i bo‘ldi.
- Birlashgan kuchlar qo‘mondoni Sergey Nayev o‘z lavozimidan chetlashtirildi (uning aytishicha, u bu haqda OAVdan bilgan). Uning o‘rniga dengiz piyodalarining sobiq qo‘mondoni Yuriy Sodol tayinlandi;
- Maksim Mirgorodskiy o‘rniga uning shtab boshlig‘i Igor Skibyuk havo-desant hujumi kuchlari boshlig‘i etib tayinlandi;
- Igor Plaxuta hududiy mudofaa kuchlari qo‘mondoni sifatida faoliyat boshladi.
Ammo bu o‘zgarishlarning yakuni emas edi. Armiyadagi tozalashlarning keyingi to‘lqini mart oyiga to‘g‘ri keldi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Qurolli kuchlarni qo‘llab-quvvatlash kuchlari qo‘mondonini ham almashtirdi. Tegishli farmon Ukraina Prezidenti ofisining rasmiy saytida e’lon qilindi. Zelenskiyning farmoni bilan Aleksandr Yakovets Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash kuchlari qo‘mondoni lavozimiga tayinlandi. Oldingi qo‘mondon Dmitriy Gerega esa ishdan bo‘shatildi. Brigada generali Aleksandr Yakovets tayinlovdan oldin Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash kuchlarida muhandislik qo‘shinlari boshlig‘i edi. Yakovetsning so‘zlariga ko‘ra, bu qo‘shinlarning vazifasi qarshi hujum uchun sharoitlarni tayyorlashdir. Bundan tashqari, Ukraina Qurolli Kuchlarining qo‘llab-quvvatlovchi kuchlariga elektron urush sohasidagi qo‘shinlar, muhandislik qo‘shinlari, radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari, harbiy topografik xizmat, gidrometeorologiya va kinologiya xizmatlar ham kiradi. Tarkibdagi o‘zgarishlardan so‘ng navbat tizimga ko‘chdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyga armiyadagi o‘zgarishlar uchun kart-blansh huquqini berdi. Bu – urush vaqtida to‘liq harakat erkinligi yoki variantlardan birini shaxsiy qarorga ko‘ra tanlash huquqi edi. Sirskiyning ta’kidlashicha, harakatlar va buyruqlar bevosita qo‘l ostidagilarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan alohida holatlarda qabul qilinadi.
Bu orada esa Zelenskiy vaqtinchalik siyosatdan sekingina siqib chiqarilgan Zalujniyning masalasiga ham uzil-kesil nuqta qo‘ydi. Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi lavozimi 2023 yil iyul oyi o‘rtalaridan beri bo‘sh turgan edi. Oldingi elchi Vadim Pristayko Prezident Zelenskiyni tanqid qilganidan so‘ng ishdan bo‘shatilgandi. Uning o‘rniga Ukraina Qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning nomzodi mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi lavozimiga tasdiqlandi.
TIV rahbari Dmitriy Kulebaning aytishicha, Zalujniyning Buyuk Britaniyaga elchi etib tayinlanishi mantiqiy qadamdir.
“U 2020 yilda “Xalqaro munosabatlar” bo‘yicha magistr darajasini olgan. Shuning uchun bu mantiqiy qadam deb o‘ylayman. Men esa Tashqi ishlar vazirligi rahbari sifatida Londondagi bunday kuchli natijadan manfaatdorman”, deydi vazir.
Bundan tashqari, TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Zalujniy Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari bilan parda ortidagi diplomatiya sharoitida Kiyevga ko‘p foyda keltiradi. Vazirning ta’kidlashicha, “Global janub” deb ataladigan ko‘plab mamlakatlarning elchixonalari Londonda joylashgan, shuning uchun ham “u yerga duch kelgan odam yuborilmaydi”. Shu va shunga o‘xshash yupatishlar bilan Zalujniy Kiyevdan uzoqlashtirildi va Ukraina jang maydoniga yangi armiya qaytdi.
Armiyadagi tozalashlardan so‘ng, sanitariya ishlari Milliy xavfsizlik tizimida davom ettirildi. Zelenskiyning to‘xtash niyati yo‘q edi. U yil boshida aytgan maqsad va rejalarini birin-ketin amalga oshirishda davom etayotgandi. Ukraina Prezidenti Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilovni lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi tegishli farmonni imzolandi. Aleksey Danilov 2019 yil 3 oktyabrdan buyon Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgandi. Tahlilchilarning fikricha, kadrlar bo‘yicha qarorlar Danilov xitoylik diplomatni haqorat qilgani bilan bog‘liq voqeadan keyin qabul qilingan. Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi lavozimiga esa 2021 yildan beri Ukraina Tashqi razvedka xizmatini boshqarib kelayotgan 51 yoshli Aleksandr Litvinenko tayinlandi. Shunday qilib na armiyada, na xavfsizlik tizimida Zelenskiy xohlamagan odam qolmadi. Ukraina boshqaruv apparati juda katta o‘zgarishlar bilan yoz oyiga kirib keldi. Ammo frontdagi vaziyat hali ham og‘ir, Rossiyaning Donbassga bosqini tufayli mudofaa bosimi kundan kunga ortib borayotgandi.
G‘arb pozitsiyasining o‘zgarishi
Ukrainaga nisbatan qanchalik bosim qilmasin, Rossiya urushdan ko‘zlagan maqsadlariga yeta olmayotgan, Ukraina esa ruslar tomonidan qo‘yiladigan shartlar asosida muzokaralar olib borishga rozi emasdi. Urush esa nafaqat ushbu ikki slavyan davlatlarining tinkasini quritdi, balki juda ko‘plab mamlakatlarning bir qancha sohalariga jiddiy zarar yetkazdi. Ikki yillik ijobiy kutish o‘z ishini bermadi va kollektiv G‘arb yumshoq ta’sir choralar qo‘llash yo‘lidan endilikda o‘ta jiddiy ishlarni amalga oshirishga o‘tdi. Shu choqqacha Ukrainaga G‘arbdan yetkazib berilgan har bir qurol uchun ular faqat Ukraina hududida qo‘llanilishi haqida shart qo‘yib kelinardi. Rossiya hududi esa bu masalada mutlaqo tabu hisoblanar edi. Urush ishtirokchisiga aylanib qolmaslik G‘arb uchun ustuvor vazifa bo‘lib, ular bu maqomdan doimiy ravishda masofa saqlab keldi. Bu qat’iy masofa “qo‘rquv sukunati” deya baholangan taqdirda yevropalik siyosatdonlar Ukraina-Rossiya masalasidagi qarorlarini o‘zgartirmaydi. Biroq joriy yilning yoz faslida rasmiylarning pozitsiyasida keskin burilishlar ro‘y berdi. Ko‘hna qit’ada sentrist maqomidagi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ushbu tendensiyani boshlab berdi. Urush avvalida G‘arb uchun ikkita jiddiy tabu bor edi. Bular: Ukrainaga qo‘shin yubormaslik va yuborilayotgan qurollarning Rossiya Federatsiyasi hududida qo‘llamaslik. Endilikda esa urushning ikki yili ortda qolib, uchinchi taqvim yili ham boshlangani Ukrainani har tomonlama qo‘llab kelayotgan davlatlar tomonidan ushbu mojaroga nisbatan o‘z yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqishga olib keldi. Dastlab hammani hayratda qoldirgan holda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukraina hududiga fransuz qo‘shini yuborilishi mumkinligini shama qildi. Keyinchalik sobiq Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron, AQSH davlat kotibi Entoni Blinken hamda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va yana boshqa bir qancha Yevropa davlatlari rasmiylari tomonidan Ukrainaga yuborilayotgan qurollarning Rossiyaga zarba berishi mumkinligi haqidagi bayonotlari birin-ketin yangray boshladi. Bu esa Ukraina Rossiya hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘t ochish ehtimolini tubdan oshirdi.
May oyining o‘rtalarida Ukraina delegatsiyasi AQSH Kongressidan Rossiya hududiga zarba berish uchun Amerika qurolidan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishini so‘rab, Vashingtonga keldi. Qayd etilishicha, uzoq masofali qurollarni Ukrainaga topshirgan Bayden ma’muriyati ulardan Rossiya hududiga hujumlar uchun foydalanilmasligini shart qilib qo‘ygan. Bu taqiq Ukraina Qurolli kuchlarining Xarkov viloyatida rus qo‘shinlarining kuchayib borayotgan hujumi fonida Rossiya pozitsiyalariga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymasdi. Ukraina parlamentining qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar bo‘yicha komissiyasi rahbari Aleksandra Ustinovaning so‘zlariga ko‘ra, AQSH rasmiylari Ukrainaga tayoq berar, ammo undan Rossiyani savalash uchun ishlatishni taqiqlardi. Bu esa ochiq-oydin ko‘rinib turgan mantiqsizlik edi. Biroq ushbu tashrif amalga oshirilgan paytda, Bayden ma’muriyatining siyosati o‘zgarmagan va yordam Rossiya hududiga qaratilgan hujum operatsiyalariga emas, balki mudofaa uchun mo‘ljallanganligini ta’kidlayotgan edi. Biroq oradan bir hafta o‘tib ushbu tashrifning natijasi darhol sezildi va bu AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Kiyevga “kutilmagan tashrif”idagi bayonotida aks etdi. Davlat kotibining so‘zlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti ma’muriyatida taqiqni yumshatish bo‘yicha muhokamalar boshlangandi.
Mazkur mazmundagi bayonotlar fonida Rossiya ham qo‘l qovushtirib o‘tirmadi. Rus qo‘shinlari Janubiy harbiy okrugda taktik yadro qurollari bilan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazdi. Ushbu o‘quv mashg‘ulotlari doirasida Janubiy harbiy okrugning raketa tuzilmalari “Iskander” operativ-taktik raketa majmuasi uchun o‘q-dorilarni qabul qilish, shuningdek, raketalarni uchirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun jihozlash va yashirin ravishda pozitsiya zonasiga o‘tish amaliyotini o‘tkazmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi mashg‘ulotlar g‘arb rasmiylarining Rossiyaga qarshi provokatsion bayonotlari va tahdidlariga javoban o‘tkazilayotganini yana bir bor eslatgan. O‘z o‘rnida, Kremldagi mulozimlar amaliy harakatlardan tashqari, og‘zaki ogohlantirishlar bilan ham Yevropadagi hukumatlarni va AQSHni hovuridan tushirishga urindi. Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibasi Mariya Zaxarova, agar Britaniya qurollari Ukraina tomonidan Rossiya hududiga zarba berish uchun ishlatilsa, Moskva Britaniya nishonlariga zarbalar berish bilan javob qaytarishini ma’lum qildi.
Rossiyani xavotirga solgan bayonotlarning 2-qismi
Boshqa davlatlardan yordam tariqasida yuborilgan qurollarning ruslarga qarshi Rossiya hududida ishlatilishga ruxsat berish borasidagi gap-so‘zlar yuqoridagilar bilan cheklanib qolmadi. Bu boradagi jiddiy qarashlar hukumat darajasidan mintaqaviy ittifoq va yirik tashkilotlarga ko‘chdi. Xususan, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg butun dunyo hukumatlari Ukrainaning Rossiya ichidagi rus qo‘shinlariga hujum qilish uchun G‘arb qurollaridan foydalanishiga qo‘yilgan taqiqlarni qayta ko‘rib chiqishi kerakligini aytdi. Stoltenberg Rossiyaning 2022 yil boshida boshlangan Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi xalqaro huquqning buzilishi ekanligi va Ukraina o‘zini himoya qilish, jumladan “Ukraina tashqarisidagi qonuniy nishonlarga” zarba berish huquqiga ega ekanini aytdi.
Bu orada Yevropa Ittifoqi rasmiylari ham mazkur masala yuzasidan qolganlar bilan yakdillikni namoyish etdi. Ittifoqning tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozef Borrel Stoltenbergning bayonotini takrorladi. U urush qonuniyatlariga ko‘ra, bu mutlaqo mumkinligini bildirdi va Borrel Yevropa Ittifoqi mudofaa vazirlari bilan uchrashuv boshida: “men javob qaytarishim mumkin yoki menga qarshi o‘z hududidan jang qilganga qarshi jang qilishim mumkin” deya so‘z boshladi. Bryusseldagi yig‘ilishda yana bir qancha mudofaa vazirlari Borrelning chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatladi. Niderlandiya Mudofaa vaziri Kaysa Ollongren o‘z yurtida bu masalada hech qanday cheklovlar yo‘qligini va turli pozitsiyaga ega bo‘lgan boshqa davlatlar o‘z qarashlarini o‘zgartirishiga umid qilishini aytdi. Estoniyalik Xanno Pevkur ham Ukrainaga qurol bergan har bir davlat Kiyevga Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat berishi lozimligini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, turli davlatlarning siyosiy elitasida ham shu kabi yana ko‘plab bayonotlar yangradi. Boltiqbo‘yi va Skandinaviyada ham muhokama markazidagi ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlash kayfiyati mustahkamlandi. Boshqa davlatlar qatori Stokgolm ham Shvetsiyadan Ukrainaga yuborilgan qurollar Rossiya hududida foydalanilishiga ruxsat bergan bo‘lsa, Estoniya Prezidenti Alar Karis to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya manziliga tahdidomuz bayonot yo‘lladi. U Kremlni tiz cho‘ktirish va shu orqaligina ikki davlat o‘rtasidagi jangovar harakatlarni to‘xtatish mumkinligini aytdi. Buning ta’sirida Ukrainaning rus yerlariga qo‘shin va G‘arb qurollari bilan kirib borish ehtimoli soat sayin oshayotgandi.
Sukunatdagi yadro doktrinasi
Xalqaro huquq normalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Ukraina bu masalada Rossiya hududiga zarba berish huquqiga ega edi. Rossiya urush boshlagani sababli, Ukraina o‘zini himoya qilish uchun kuch ishlatish huquqiga ega va bu kuch ishlatish faqat Ukraina chegaralari bilan cheklanib qolmaydi. Ya’ni, agarda o‘zini himoya qilish uchun zarurat tug‘ilsa, Ukraina Rossiyaning strategik harbiy ob’ektlariga zarba berishi mumkin. Faqat bu borada ikkita cheklov mavjud. Birinchisi, Ukraina tomonidan mudofaa hujumlari nomutanosib bo‘lmasligi lozim. Bu talab ruslar tomonidan qilingan hujumning ko‘lami doirasida javob qaytarish lozimligini anglatadi. Ikkinchi qat’iy talab esa xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilish, ya’ni Rossiya hududiga zarba berilgan taqdirda fuqarolik ob’ektlari (turarjoy, shifoxona, maktab, turli binolar va hokazolar) nishonga olinmasligi kerak. Umuman olganda, Ukrainaning mudofaasi aslida uning hududi bilan cheklanmaydi. Biroq masalaga faqat xalqaro huquq prizmasidan qarash yetarli emas. Rossiya hududiga zarba berishga qaror qabul qilishda xalqaro huquqdan-da ko‘proq ahamiyat qaratishimiz lozim bo‘lgan jihat mavjud. Bu – Rossiya Federatsiyasining yadro doktrinasi.
Mamlakatning alohida yadro doktrinasi mavjud va ushbu quroldan foydalanish aynan mana shu hujjat asosida tartibga solinadi. Odatda mamlakatning hududiy yaxlitligi buzilsa, mazkur quroldan foydalanish uchun yashil chiroq yoqiladi. Bundan tashqari, 2020 yil iyun oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Yadroviy to‘siqlar sohasida davlat siyosati asoslari” hujjatini tasdiqladi. Ushbu hujjat yadro qurolidan foydalanish shartlarini kengaytirdi. O‘zgarishlar yadro qurolidan foydalanishga sabab bo‘luvchi yana ikki asosni taqdim qildi. Bular quyidagilardir:
Rossiya va uning ittifoqchilari hududiga hujum qiluvchi ballistik raketalar uchirilganligi to‘g‘risida ishonchli ma’lumot olish;
Dushmanning Rossiya Federatsiyasining muhim davlat va harbiy ob’ektlariga ta’siri, ularning muvaffaqiyatsizligi yadroviy kuchlarning javob harakatlarining buzilishiga olib keladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ikkinchi yangi holat eng katta kengaytiruvchi ahamiyatga ega. Ularning so‘zlariga ko‘ra, “dushmanning Rossiya Federatsiyasining muhim hukumat va harbiy ob’ektlariga ta’siri” iborasi juda noaniq va potensial dushmanga ko‘plab savollar tug‘dirishi mumkin edi. Biroq Aleksandr Sirskiy barcha ehtimollar, savollar va xavflarga qo‘l siltadi. U Rossiya hududiga nafaqat G‘arb qurollari, balki qo‘shin bilan qadam bosdi. Bir qarashda yil boshida unga Ukraina rahbariyati tomonidan berilgan ishonchni oqladi. Ukraina borgan sari frontni boy berishga yaqinlashayotgan, mudofaadagi bosim esa eng yuqori darajaga yetgandi. Rossiya hududini nishonga olish orqali front chizig‘ini rus yerlariga uloqtirish Sirskiyning oldida turgan yagona yo‘l edi. Ultimatumlarsiz muzokara o‘tkazishdan bo‘yin tovlayotgan Rossiyaga nisbatan Sirskiy va Zelenskiy shunday yo‘l tutdi. 82 ta aholi punkti, bir qancha shahar va qishloqlar, umumiy hisobda esa 1150 kv km yer maydoni. Bu hozirgacha Rossiyaning Ukraina tomonidan tortib olingan hududlari hisoblanadi. Bundan tashqari, Putinning qo‘pol ritorikalari va yadro doktrinasi ularni bu qarordan 2 yarim yil davomida qaytarib turgandi. Biroq ortda qolgan haftada nafaqat Rossiyaning hududiy yaxlitligi buzildi, balki bunga qo‘shimcha ravishda uning muhim strategik harbiy ob’ekti ham yo‘q qilindi. Kurskka hujumning ilk kunlarida Ukraina qo‘shinlarining Lipetsk aviabazasiga bergan zarbasi va u yerdagi harbiy texnika va anjomlarni yo‘q qilgani bunga yaqqol misoldir. Shunday bo‘lishiga qaramay, Rossiyaning yadro doktrinasi joyidan siljiganicha yo‘q. Negaki, katta ehtimol bilan Kreml yadro qurolidan osonlikcha foydalana olmaydi. Chunki zamonaviy dunyoda ushbu ommaviy qirg‘in qurolidan foydalanish shu davlatdagi rejimning eng so‘nggi kuni bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi