Biz endi o‘limdan qo‘rqmaymiz – Ukraina elchisi urushning 1000 kuni qanday o‘tgani haqida
Intervyu
−
23 noyabr
67191000 kun. Siz-u biz yashayotgan XXI asrda ming kundan beri urush davom etmoqda. Bu davr mobaynida urushni tugatish uchun bir qancha tashabbuslar ham ilgari surildi. Biroq ular natija bermadi.
19 noyabr kuni Ukrainaning Toshkentdagi elchixonasida Rossiya bosqinining 1000 kunligiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi va unda elchi Mikola Doroshenko bilan quyidagi masalalar muhokama qilindi.
“Biz 1000 kundan beri urushdamiz va Ukraina boshi berk ko‘chaga yetib kelganga o‘xshaydi. Ayrim ommaviy axborot vositalarida ba’zida bunday versiyalar tarqaladi.
Menimcha, vaziyatga bunday baho berish mubolag‘a. Bugun qiyin paytlar va bu haqiqat. Biz ertangi kun haqida qayg‘uramiz va bu ham to‘g‘ri. Ammo odamlar “bu boshi berk ko‘cha” deyishsa, bu mamlakat va uning aholisi umidsizlikka tushib qolganini, hamma narsa yo‘qolganini, umid yo‘qligini anglatadi. Va bu endi shunchaki to‘g‘ri emas. Men yaqinda Ukrainada uyda edim va havoda kelajakka jamlangan, keskin intizorlikni his qildim, qo‘rquv yoki umidsizlikni emas.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi o‘n yildan ortiq davom etmoqda va keng ko‘lamli bosqin deyarli uch yil oldin boshlangan. Bugun bu tajovuz boshlanganiga roppa-rosa 1000 kun bo‘ldi. Bu vaqt ichida biz o‘lim haqida o‘ylashga o‘rganib qolganmiz. Biz o‘limning yuziga qarashni o‘rgandik, shuning uchun biz endi undan qo‘rqmaymiz va bu yerda “boshi berk ko‘chalarni” ko‘rmayapmiz. Biz barqaror va umidli bo‘lib qolamiz”, dedi elchi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil fevralda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri kamida 12 164 nafar tinch aholi, jumladan, 600 dan ortiq bola halok bo‘lgan. Kamida 26 871 kishi jarohat olgan. Bu faqat tasdiqlangan ma’lumotlar bo‘lib, haqiqiy qurbonlar soni bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Shaharlar, qishloqlar va tumanlar butkul vayron bo‘lgan. Baxmut, Avdeyevka, Vovchansk va Ugledar deyarli xaritadan o‘chib ketgan.
Hujumlar davomida kamida 580 ta tibbiyot muassasasi zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan, ko‘plab birinchi yordam ko‘rsatuvchi xodimlar va tibbiyot xodimlari qurbon bo‘lgan va jarohat olgan. Shuningdek, kamida 1 358 ta ta’lim muassasasi zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan. Qariyb to‘rt million kishi mamlakat ichida ko‘chirilgan, 6,8 milliondan ortiq kishi esa mamlakatni tark etgan. Bir butun avlod bolalari yetarli ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda, chunki hujumlar oqibatida maktablar onlayn shaklga o‘tgan yoki boshpanalarga ko‘chirilgan.
Xo‘sh, urushda Rossiya qanday zarar ko‘rdi. Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Mikola Doroshenko shu haqida ham gapirdi.
“To‘liq miqyosli tajovuz boshlanganidan beri Rossiya tuzatib bo‘lmaydigan yo‘qotishlarga duch keldi: 720 000 askar, 9 000 dan ortiq tank, 20 000 ga yaqin artilleriya tizimi, 370 samolyot, 330 vertolyot, 1250 raketa tizimlari, 18 000 dan ortiq harbiy kemalar va suvosti kemalari. Ukraina Rossiyaning Qora dengiz flotining deyarli uchdan bir qismini yo‘q qildi yoki ishdan chiqardi. Ukraina qo‘shinlari qurol-yarog‘ omborlari kabi muhim harbiy infratuzilma ob’ektlariga zarba berish, ularning moddiy-texnik ta’minotini izdan chiqarish va hujum qilish imkoniyatlarini kamaytirish orqali dushmanni uzoq muddatli urush qilish imkoniyatidan mahrum qilishga intilmoqda.
Men buni “boshi berk ko‘cha” deb atamagan bo‘lardim. Yana bir fakt: Rossiya o‘z konstitutsiyasiga Ukrainaning to‘rtta viloyatini kiritgan, biroq shu kungacha ularning birortasini to‘liq nazorat qila olmaydi. Bir yil oldin Putin Donetsk viloyatini, taxminan 10 ming kvadrat kilometr maydonni to‘liq bosib olishni buyurgan edi. Bugungi kunda ular ushbu hududning atigi 17 foizini egallab oldi. Agar kimdir “tupik”da bo‘lsa, bu ruslar: ular ko‘proq odamlar va uskunalarni sarflamoqda, lekin kamroq natijaga erishmoqda”, dedi Doroshenko.
Ukrainada urush ming kundan ortiq davom etar ekan, xalqaro hamjamiyat bu davrda bosqinni to‘xtatish, tomonlarni kelishtirish borasida hech bir ish qilmay, qo‘l qovushtirib o‘tirdi deya olmaymiz. Mojaroga yechim topish uchun bir qancha konferensiyalar o‘tkazildi, uchinchi tomon mamlakatlar oraga tushib, o‘t ochishni to‘xtatish borasida o‘z takliflarini ilgari surdi. Biroq bu natija bermadi. Xo‘sh, nega?
“Xitoy-Braziliya rejasi haqida eshitgan bo‘lishingiz mumkin. Xitoy-Braziliya rejasining ikkita varianti bor edi: dastlab o‘n ikki bandli, keyin oltita bandli. Birinchi o‘n ikki bandli taklifda BMT nizomiga rioya qilish masalasi bor edi, u qayerdadir yo‘qoldi. Ya’ni ular demarkatsiya chizig‘i bo‘ylab urushni to‘xtatishni taklif qilmoqda, biz buni “Minsk-3” yoki “Normand formati-2” ga taklif sifatida tushunamiz. Boshqa variant yo‘q, chunki Minsk formatida Ukraina ikki yuzta uchrashuvni, Normand formatida esa biroz kamroq uchrashuvni natijasiz o‘tkazdi. Biz juda yaxshi tushunamizki, bu urushni to‘xtatish, qurollanishni qayta tashkil etish, texnologiyani yangilash va hokazo. Umid qilamizki, bu sodir bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, Ukraina doimo xavfsizlik kafolatlari haqida gapiradi. Ukraina va Yevropa Ittifoqining o‘ttizta davlati o‘rtasida xavfsizlik va yordam shartnomalari allaqachon imzolangan, garchi ular bu davlatlarning bevosita harbiy ishtirokini nazarda tutmasa ham. Buni mutaxassislarga batafsil tushuntirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman, lekin shu bilan birga ular bu davlatlar bizning yorqin tarafimizda ekanligini kafolatlaydi”, dedi elchi.
Shu o‘rinda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan “tinchlik rejasi” haqida ham to‘xtalib o‘tish o‘rinli. Yaqinda Ukrainaning hamkorlariga va Oliy Radaga taqdim etilgan bu reja OAVning yozishicha, ko‘pchilikda yaxshi taassurot uyg‘otmagan, uni amalga oshirish imkonsizligi aytilgandi. Reja bilan tanishgan AQSH Prezidenti Jo Baydenga ham bu taklif yoqmagani xabar qilingandi. Xo‘sh, bu reja qanday edi va u nimalarni o‘z ichiga oladi. Elchi bu haqda ham gapirdi.
“Prezident Zelenskiy G‘alaba rejasini ishlab chiqdi, u Ukraina xalqiga va barcha hamkorlarimizga taqdim etildi. Ushbu reja tinchlik formulasini amalga oshirish uchun vosita bo‘lib xizmat qiladi. Divandagi ekspertlar va siyosatshunoslar buni amalga oshirish mumkinligiga shubha bilan qarashdi.
Ammo ko‘ryapsizmi, bu rejaning strategiyasi keyingi yildan kechiktirmasdan Ukrainani urushni tugatish uchun yetarlicha kuchli qilishdir. Agar hozir kuchaytirmasak, Putin kelasi yili sezilarli darajada kuchayishi mumkinligini tushunamiz. Ana o‘shanda diplomatiyaga yo‘l yopilishi mumkin.
Reja besh band va uchta maxfiy taklifdan iborat.
Birinchi band – Ukrainani NATOga taklif qilish. Hozir bu bizning hamkorlarimiz Ukrainaning xavfsizlik arxitekturasida tutgan o‘rnini ko‘rishiga ishonch beradi. Putin uning geosiyosiy hisob-kitoblari muvaffaqiyatsizlikka uchrashini tushunishi kerak. Ukraina uchun bu Yevropa integratsiyasining muqarrarligini va demokratiyaning muqobili yo‘qligini ham anglatadi.
Ikkinchi band – himoya. Hamkorlarimiz uchun Ukrainaning Rossiya nazorati ostidagi vaqtincha bosib olingan barcha hududlarida va Rossiya hududida dushmanning harbiy infratuzilmasiga qarshi uzoq masofaga uchuvchi qurollardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash juda muhim. Bunga Ukrainani yetarlicha uzoq masofaga uchuvchi raketa, dron va boshqa hujum qobiliyatlari bilan ta’minlash kiradi.
Bu band, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimimizni mustahkamlash va hamkor mamlakatlarimiz havo qalqonlari doirasida Rossiya raketalari va dronlarini tutib olish uchun Yevropadagi qo‘shnilarimiz bilan birgalikda mudofaa operatsiyalarini o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, ushbu band zaxira brigadalarimizni jihozlash va Ukraina mudofaa ishlab chiqarishiga, shu jumladan, raketalar va uchuvchisiz samolyotlarga sarmoya kiritishni o‘z ichiga oladi.
Biz hamkorlarimizdan Ukrainaga sun’iy yo‘ldosh va boshqa razvedka ma’lumotlarini real vaqtda taqdim etishlarini so‘raymiz. Kursk operatsiyasi tufayli biz rus qo‘shinlariga haqiqiy bosim o‘tkazganimizda, Putinning chidashga kuchi yetmasligiga amin bo‘ldik. Tuprog‘imizda bufer zonalar yaratilishining oldini olish uchun dushman hududining aniq hududlarida ham operatsiyalarni davom ettirishimiz kerak.
Uchinchi band to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq. Biz o‘z hududimizga Ukrainani Rossiyadan keladigan har qanday harbiy tahdiddan himoya qilish uchun yetarli bo‘lgan yadroviy bo‘lmagan strategik to‘xtatuvchi paketlar majmuasini joylashtirishni taklif qilamiz.
To‘rtinchisi – strategik iqtisodiy salohiyat. Ukraina Amerika Qo‘shma Shtatlari va hamkorlariga, shu jumladan Ukraina bir qismi bo‘ladigan Yevropa Ittifoqiga, biz bunga shubha qilmaymiz, qo‘shma investitsiyalarda Ukrainaning muhim resurslarini birgalikda himoya qilish bo‘yicha maxsus bitimlar tuzishni taklif qilmoqda.
Beshinchi band urushdan keyingi davrga qaratilgan. Biz hamkorlarimizning roziligi bilan Yevropada joylashgan AQSH Qurolli kuchlarining ayrim kontingentlarini jangovar tajribaga ega bo‘lgan va Yevropada xavfsizlikni ishonchli kafolatlay oladigan Ukraina bo‘linmalari bilan almashtirishni nazarda tutyapmiz.
G‘alaba rejasi mohiyatan ikkinchi tinchlik sammitiga yo‘l ochadi. Agar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tinchlik sammitida yakunlansa, xalqaro huquq asosida bu boshqa potensial tajovuzkorlarni yangi urushlar boshlashdan qaytaradi. Urushning tugashi shunchaki uning to‘xtatilishi emas. Urush haqiqatan ham adolat tiklanishi va xalqaro jinoyatlar uchun barcha aybdorlarning jazolanishi bilan tugaydi. Rossiyaga yetkazilgan zarar muzlatilgan aktivlar orqali, shuningdek, biz olishimiz kerak bo‘lgan reparatsiyalar orqali qoplanishi kerak”, dedi elchi.
Zelenskiyning “g‘alaba rejasi”dan so‘ng, keling, uning o‘zi haqida gaplashsak. Ma’lumki, Ukrainaning amaldagi rahbari 2019 yil 20 maydan o‘z lavozimiga kirishgan. Ukrainada Prezident mandati 5 yil ekanligini hisobga olsak, bu yil ortda qolgan 20 may kunida Zelenskiyning boshqaruv muddati tugagan. Agar mamlakatda urush bo‘lmaganida, joriy yilning mart oyida prezident saylovlari bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq harbiy harakatlarning davom etishi bunga yo‘l bermadi.
Yaqinda bu masala yana kun tartibiga chiqdi. “The Economist” nashrining manbalariga tayanib, xabar berishicha, Ukrainada prezident sayloviga tayyorgarlik boshlangan va uning taxminiy o‘tkazilish sanasi 2025 yilning 25 may kuni. Qayd etilishicha, Zelenskiyning ehtimoliy raqiblarining vakillari Ukrainaga saylovlar kerakligini ta’kidlayapti. Ammo ular bu masalada jamoatchilik oldida bayonot berishga ikkilanmoqda. Chunki ular davlat rahbariyati bunga keskin munosabat bildirishidan xavotirda.
Elchi Doroshenko esa urush vaqtida saylov haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emasligini aytdi.
“Armiyada milliondan ortiq odam bor, chet elda esa 7,8 million kishi. Ukraina hududida ichki ko‘chirilganlar bor. Shunday sharoitda saylovlarni tashkil qilish? Yaxshi tasavvur qiling. 17 noyabr katta hujum bo‘ldi, 120 raketalar, xudkush bombardimonchilar, hokazo va shu kuni yakshanba, saylov kuni.
Shunday sharoitda saylovlar bo‘lib o‘tadimi? Yo‘q, bu mutlaqo bema’nilik. Qolaversa, qonunchiligimizda harbiy holat davrida saylov o‘tkazish mumkin emasligi aniq tartibga solingan.
Harbiy holatni Ukraina Oliy Radasi qaror qiladi, Prezidentimiz uni har 3 oy 90 kunga uzaytiradi. Urush to‘xtasa, Oliy Radaning qarori o‘zgaradi.
Bizning siyosiy elitamiz ham Prezident, ham Oliy Rada saylovlarni o‘tkazishdan bosh tortmaydi va ko‘plab siyosatchilar ularga tayyor, ehtimol. Lekin harbiy holat paytida bu mumkin emas”, dedi elchi.
Shu o‘rinda Ukraina va uning atrofida sodir bo‘layotgan so‘nggi voqealarga ham to‘xtalsak. Amerika matbuoti 17 noyabr kuni Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga qarshi ATACMS raketalarini qo‘llashga ruxsat bergani haqida xabar berdi. Analogik qarorlar Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan ham qabul qilingani aytildi.
19 noyabr kuni ertalab Ukraina Qurolli kuchlari Bryansk viloyati Karachev shahri yaqinidagi o‘q-dorilar omboriga ATACMS raketalari yordamida zarba berdi. Bu bilan Ukraina Rossiyadagi nishonlarga nisbatan birinchi marta uzoq masofali Amerika raketalarini qo‘lladi. 20 noyabrda esa Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi nishonga birinchi marta Britaniyaning Storm Shadow raketalarini otgani xabar qilindi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa agar Ukraina Rossiya hududiga hujum qilish uchun uzoq masofali raketalardan foydalansa, Moskvaning javobi adekvat va aniq bo‘lishini bildirgandi. 21 noyabr kuni Rossiya o‘zining o‘rta masofali “Oreshnik” ballistik raketasini Ukrainadagi ob’ektga qarata uchirdi.
Xullas, Ukrainada urush davom etmoqda.
“Kechirasiz, sizni bunday batafsil ma’lumot bilan biroz qiynadim, lekin buni eshitishingizni istardim, ming kunlik urush umidsizlik emas, qo‘rquv emas, tiz cho‘kib o‘tmishga qaytish qarori emas. Ukraina o‘z ozodligi uchun kurashmoqda va biz buni hech kimning boshdan kechirishini xohlamaymiz, lekin siz mendan “Ukraina kabi tinchlikni hech kim xohlamaydi” degan iborani eshitishingizni xohlayman”, dedi elchi.
LiveBarchasi