Orban Ukrainaga yordami bo‘yicha YeIning “B rejasi”ni blokladi

Olam

image
Orban 14-marta Putin bilan uchrashdi. Bu gal Lavrov ham “sahna”ga qaytdi north_east

Orban 14-marta Putin bilan uchrashdi. Bu gal Lavrov ham “sahna”ga qaytdi

Vengriya Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun yevroobligatsiyalar chiqarish imkoniyatini rasman inkor etdi. Bu qadam Yevropa Ittifoqini Kiyevga 165 milliard yevro kredit ajratish uchun muzlatilgan Rossiya davlat aktivlarini qanday yo‘l bilan ishlatish masalasi hal bo‘lmasa, amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy “B reja”siz qoldiradi. Bu haqda kecha, 5 dekabr kuni yevropalik diplomatlarga tayanib, “Politico” nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Budapeshtning 90 milliard yevro miqdorida, YeIning yetti yillik byudjeti bilan ta’minlanadigan qo‘shma obligatsiyalar chiqarish taklifidan voz kechishi Germaniya kansleri Fridrix Mers va Belgiya Bosh vaziri Bart de Veverning Bryusseldagi uchrashuvi oldidan, atigi bir necha soat muqaddam ma’lum bo‘lgan. Uchrashuvda ushbu kredit masalasi muhokama qilinishi kutilgan edi.

“Men Belgiya Bosh vazirining xavotirlarini jiddiy qabul qilaman. Men uni qayta ishontirmoqchi emasman, balki taklif qilinayotgan yo‘lning to‘g‘riligini anglatmoqchiman”, dedi Mers jurnalistlarga. 

U shu maqsadda Norvegiyaga rejalashtirilgan safari bekor qilinganini ham ma’lum qildi.

Dipomatik manbalar “Politico”ga ma’lum qilishicha, yevroobligatsiyalar Ukraina uchun alternativ yordam vositasi bo‘lishi mumkin edi. Berlin taklifiga ko‘ra, Belgiya Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga berishga rozi bo‘lishi uchun YeI byudjetining 25% qismi kafolat sifatida ajratilishi kerak. Ammo Bart de Vever bundan ko‘ra kengroq kafolatlarni talab qilmoqda, Belgiya kompensatsiyani to‘liq yoki undan ham ortiq hajmda qoplanishiga ishonch izlamoqda.

3 dekabr kuni Yevrokomissiya Ukraina byudjeti 2026 yil apreligacha moliyalashtirilishi kafolatlanishi uchun yevroobligatsiyalarni aktivlar bilan ta’minlangan mexanizm sifatida taklif qildi. Biroq YeI byudjeti hisobidan davlat qarzini oshirish uchun 27 davlatning barchasi yagona qaror qabul qilishi lozim – bu esa Vengriya qarshiligi tufayli hozircha imkonsiz.

“Bloomberg” ma’lumotiga ko‘ra, AQSH ba’zi YeI mamlakatlarini muzlatilgan Rossiya aktivlarining bir qismini Ukrainaga kredit qarzini qaytarish uchun ishlatish rejasiga qarshi chiqishga ko‘ndirmoqda. Manbalarning aytishicha, Vashington bu aktivlar Moskva va Kiyev o‘rtasidagi mumkin bo‘lgan tinchlik kelishuvini ta’minlash uchun muhim, shu sabab urushni davom ettirish uchun sarflanmasligi kerak, deb hisoblaydi.

Noyabr oyida Belgiya Bosh vaziri ham xuddi shu dalilni keltirgan – YeI rejasi bo‘lajak tinchlik bitimi imkoniyatlarini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini aytgan.

OAV xabariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan olib borilayotgan tinchlik muzokaralari paytida YeIda muzlatilgan Rossiya aktivlarini AQSHga o‘tkazish masalasi ham muhokama qilingan. Germaniya kansleri Fridrix Mers bu fikrga qarshi chiqib, bunday aktivlarni AQSHga topshirish “iqtisodiy jihatdan amalda imkonsiz” va bu “Yevropaning ichki masalasi” ekanini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ukraina Vengriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing