Ukraina Germaniyadan uning o‘zida yo‘q qurollarni so‘rayapti 

Olam

image

Germaniyaning Ukrainaga qurol-yaroq yetkazib berilishi haqidagi munozaralarda realizm yo‘q, chunki Kiyev Berlindan Bundesverning (Germaniya Qurolli Kuchlari) o‘zida yo‘q qurollarni talab qilmoqda. Bu haqda “Welt am Sonntag” gazetasi yozmoqda.  

Nashrga ko‘ra, avvalroq Ukrainaning Germaniyadagi elchisi Andrey Melnik o‘z mamlakatini “dunyodagi eng yaxshilari qatorida bo‘lgan nemis harbiy kemalari” va “eng zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari” bilan taqdim etishga chaqirgan.

“Ikkala tilak ham amalga oshmaydi, chunki Bundesverning o‘zi ham ularni qabul qilishni xohlaydi”, deb yozilgan xabarda.

Germaniya armiyasidagi qurollanish bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risidagi hisobotga ko‘ra, Germaniya dengiz-harbiy kuchlarida kemalar, shu jumladan korvetlar va tankerlar yetishmaydi.

Havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ham xuddi shunday vaziyat. Ta’kidlanishicha, Germaniya Mudofaa vaziri Kristin Lambrext joriy yilning 31 yanvar kuni “havodan kelayotgan tahdidlardan himoyalanish quruqlikdagi qo‘shinlarni xavotirga solayotgan mavzu” ekani haqida ma’lum qilgan. 

“Bu borada munozaralar uzoq vaqtdan beri davom etib kelmoqda. Doim pul yetishmas edi. Ukrainaga ham o‘q-dorilar kerak bo‘lishi mumkin, ammo bu ham hisobga olinmaydi, chunki Bundesver omborlari bo‘sh”, deb yozadi gazeta. 

Qayd etilishicha, Bundesver bosh inspektori Eberxard Sorn o‘q-dorilar zaxirasini to‘ldirish uchun 20 milliard yevro kerakligini aytgan. 

“Aslida biz foyda va xarajat nisbatini o‘zgartiradigan hech narsa yetkazib bera olmaymiz”, degan Myunxendagi Bundesver universiteti professori Karlo Mazala. 

Ta’kidlanishicha, imkoniyatlar hatto harbiy texnikani yetkazib berish bo‘yicha ham cheklangan. Ukraina Germaniya Mudofaa vazirligidan harbiy dubulg‘alar va zirhlar so‘ragan. Ammo, ma’lum bo‘lishicha, nemislarning o‘zlariga ham zirhlar yetishmaydi, shuning uchun Lambrext Kiyevga atigi 5000 dubulg‘a taklif qilgan. 

“Suddeutsche Zeitung” gazetasining o‘z qo‘lida bo‘lgan hujjatga tayanib yozishicha, Ukrainaning Berlindagi elchixonasi Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga mudofaa qurollarini yetkazib berish iltimosi bilan og‘zaki nota yuborgan. Ma’lum qilinishicha, Ukraina hukumati “harbiy havo hujumiga qarshi va raketaga qarshi mudofaa vositalari” hamda “23 va 30 mm kalibrli avtomatlar uchun o‘q-dorilar” olmoqchi. Ro‘yxatga o‘rta masofaga mo‘ljallangan zenit-raketa komplekslari, dronlarga qarshi jangovar o‘q otish qurollari, elektron aniqlash tizimlari, tungi ko‘rish qurilmalari va kuzatuv kameralari kiritilgan. 

Bundan tashqari, Ukraina Germaniyadan zirhli mashinalar, minalardan tozalash robotlari va snaryadlarni portlatish uchun masofadan boshqarish tizimlari, ratsiyalar, radarlar, razvedka stansiyalari, sanitar mashinalarini olishga intilmoqda. Qolaversa, ehtiyojlar “tugallanmagan”ligi, kerak bo‘lsa, ro‘yxatni to‘ldirish mumkinligi aytilgan.

Ukraina-Rossiya nizosi

So‘nggi paytlarda Rossiya-Ukraina mojarosi jiddiy tus olgan. Bir tomonda Kiyevni qo‘llayotgan AQSH va NATO turgan bo‘lsa boshqa tomonda urushga qarshi harbiy tayyorgarliklarni boshlab yuborgan Rossiya turibdi. 

Ukrainaning tarafini olib AQSH Kiyevga 200 million dollar miqdoridagi, qariyb 500 tonna qurol-yarog‘, 300 ta Jevelin tankka qarshi o‘t ochar texnikalari va 5 ta MI-17 vertolyotini yetkazib berganini bildirgan. Bundan tashqari, 8 500 nafar harbiyni Sharqiy Yevropaga yuborish uchun shay holda ushlab turgani haqida ma’lum qilgan. 

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga elita bo‘linmasining 30 nafar harbiy xizmatchisini, 2 000 ta tankka qarshi raketa va qurol-yarog‘ yuborilgani haqida xabar bergan. 

Boshqa tomondan, Rossiya Ukraina bahonasida “burni tagiga” tiqilib olayotgan NATOning Sharqiy Yevropa tomon siljib kelishini qoralab, unga qarshi o‘z hududi va Belarusning Ukraina bilan chegaradosh yerlarida 100 000 dan ortiq qo‘shin va harbiy texnikalar to‘plagan.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Ukraina

Baholaganlar

175

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing