Ukraina G‘arbdan ko‘p miqdorda raketalar talab qilmoqda
Olam
−
20 aprel 2023
5107Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun snaryadlarning yetishmayotgani sabab bu hafta bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda g‘arbdagi ittifoqchilaridan “yer-havo” tipidagi raketalarni zudlik bilan yetkazib berishni so‘ramoqchi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Rasmiylarga ko‘ra, Kiyev joriy yilning 21 aprel kuni Ramshtayn harbiy muvofiqlashtirish guruhidagi kamayib borayotgan zaxiralarini kuchaytirish uchun ittifoqchilarga bosim o‘tkazadi. Tahlilchilar Ukraina havo mudofaasining zaiflashuvi uning rejalashtirayotgan qarshi hujumini muvaffaqiyatsizlikka uchratishi mumkinligini aytmoqda.
Ukrainadagi ta’minot bilan bog‘liq muammolar uni Rossiya hujumi oldida oson o‘ljaga aylantirib qo‘yishi haqidagi xavotirlar tez-tez yangray boshladi. Bundan tashqari, shu yilning boshida G‘arb razvedkasi Rossiya front chizig‘iga yaqin yerda ko‘p miqdorda qiruvchi samolyotlar va hujum vertolyotlarini to‘playotganidan ogohlantirgandi. Ushbu taxminlar mudofaa vositalarining zudlik bilan oshirilishiga va AQSHning fevral oyi oxirida Ukraina uchun yana 2 milliard dollarlik yordam paketini e’lon qilishiga turtki bo‘ldi.
Ammo yaqinda Pentagonning matbuotga sizdirib yuborilgan maxfiy hujjatlarida Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimining beshta eng muhim vositasi, jumladan, S-300 va Buk tizimlarining snaryadlari tugayotgani va may oyiga borib, mamlakatning havo mudofaa tizimi butkul falajlanib qolishi mumkinligi yozilgandi.
Britaniya qurolli kuchlarining sobiq rahbari Richard Barronsning aytishicha, Rossiya namunasidagi aslahalar va o‘q-dorilarga haddan tashqari tayanuvchi Ukrainaning zaxiralari tugayotgan ekan, G‘arb ularni osonlik bilan yoki juda shoshilinch ravishda almashtirib berolmaydi.
“Bu Ukraina qarshi hujumni boshlashi kutilayotgan bir paytda, hatto o‘z osmonida ham nazoratni ushlab turishga qodir bo‘lmay qolishi xavfini oshiradi. Bu uning kuchlarini juda zaif qilib qo‘yadi, o‘z navbatida Rossiya havo kuchlariga Ukrainaning istagan joyiga kirishga imkon beradi”, deydi u.
Ukrainaga yordam berib kelayotgan 50 ga yaqin davlatlar 21 aprel kuni Germaniyaning Ramshtayn shahridagi AQSH havo bazasida harbiy ta’minotni muvofiqlashtirish uchun tuzilgan guruhning navbatdagi yig‘ilishida jam bo‘ladi. Unda Kiyev tomonidan aynan shu masala ko‘tarilishi kutilmoqda.
Avvalgi uchrashuvlarda Ukrainaning G‘arb tanklari, qiruvchi samolyotlar va artilleriya o‘q dorilariga bo‘lgan ehtiyoji muhokama qilingan. Biroq havo mudofaa tizimlari ancha jiddiyroq masala ekani aytilyapti.
Havo mudofaasi o‘q-dorilari yetarli darajada ta’minlangan bo‘lsa ham, Ukraina Rossiyani mamlakatning janubi-sharqiy hududlaridan siqib chiqarishga qaratilgan uzoq vaqtdan beri rejalashtirilgan qarshi hujumni amalga oshirish uchun juda murakkab muammoga duch keladi.
Harbiy ekspertlarning ta’kidlashicha, har qanday muvaffaqiyatli quruqlik hujumining asosiy omili havo madadi hisoblanadi. Rossiyaning reaktiv va bombardimonchi samolyotlari esa Ukrainaning front chizig‘ida zarba berishga urinayotgan qo‘shinlariga xavf tug‘dirishi mumkin.
Hozircha G‘arb rasmiylari Rossiyaning havodagi ustunligi yo‘qligi, g‘arbdan Ukrainaga yordam tariqasida berilayotgan qurollar yetkazilayotganini aytib, optimistik fikrlarni olg‘a suryapti.
Biroq agar ta’minotdagi kamchiliklar va mudofaaning zaiflashishi Rossiyaning jiddiy g‘alabalariga sabab bo‘la boshlasa, Ukrainaga zamonaviy qiruvchi samolyotlarni yetkazib berish va parvoz taqiqlangan hudud yaratish talablari qayta yangray boshlashi mumkin. Hozirgacha bo‘lgan muddatda NATO Ukrainaning bunday istaklarini rad etib kelgandi.
“Bu yerda juda qiyin tanlov bor: yo G‘arb o‘zining mudofaa sanoati ishlab chiqarishini sezilarli darajada va tez sur’atda oshiradi yoki buni qilmaslikni tanlaydi va Ukrainaning shunchaki samarali kurashish uchun vositalarga ega bo‘lmaslik oqibatida mag‘lub bo‘lishi va e’tiborsiz qoldirilishi xavfini oshiradi”, deydi Richard Barrons.
Eslatib o‘tamiz, AQSH va kollektiv G‘arb uzoq vaqtdan buyon eskalatsiya xavfidan qo‘rqib, Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berishni paysalga solib keldi. Biroq ular bu siyosatni biroz o‘zgartirib, Rossiyaga qarshi turish uchun sovetlar davrida ishlab chiqarilgan MiG-29 qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga berishga rozi bo‘ldi.
LiveBarchasi