Ukraina Eronni Rossiyaga qurol yetkazib berishda aybladi
Olam
−
18 Oktabr 2022
6440Kiyev Tehronni Rossiyaga qurol yetkazib berishda ayblab, ularni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda 17 oktyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligining tegishli bayonoti e’lon qilindi.
“Biz Tehronni Rossiyaga har qanday qurol yetkazib berishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz. Aks holda, Eron va uning rahbariyati eng og‘ir mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi, jumladan, xalqaro sud jarayonlari doirasida”, deyiladi Ukraina TIV saytida e’lon qilingan bayonotda.
Tashqi ishlar vazirligining da’vo qilishicha, Eronda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish apparatlari Ukrainaning muhim infratuzilmasiga zarba berish uchun ishlatiladi. Matbuot xizmati shuningdek, 17 oktyabr kuni Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarini Eronga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirganini qo‘shimcha qildi.
Joriy yilning 23 sentyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy TIVga Ukrainaga qarshi Eronda ishlab chiqarilgan qurol qo‘llangani haqidagi da’vo qilingan faktlarga javob berishni topshirdi. Shu kuni TIV Eron elchisini akkreditatsiyadan mahrum qilish va Kiyevdagi elchixonaning diplomatik xodimlari sonini sezilarli darajada qisqartirishga qaror qildi.
Avgust oyida “The Washington Post” gazetasi Eron Rossiyaga o‘z dronlarini yetkazib berayotgani haqida maqola chop etgan edi. Keyinchalik shunga o‘xshash bayonotlar Amerika ma’muriyati vakillari tomonidan qilingan. Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday xabarlarni “soxtalashtirish”deb atadi.
Sentyabr oyi oxirida Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullaxon Tehron Ukrainadagi mojaroda ishtirok etayotgan tomonlarning hech birini qo‘llab-quvvatlamasligi va Kiyevga ham, Moskvaga ham chet el qurollari yetkazib berilishiga qarshi ekanini aytdi.
LiveBarchasi