Ukraina elchisi ruslarni qirish haqidagi gaplari uchun Qozog‘iston TIVga chaqirildi

Olam

image

Ukrainaning Qozog‘istondagi elchisi Petr Vrublevskiy bloger Dias Kuzairovga bergan intervyusidagi bayonotlaridan so‘ng kecha, 23 avgust kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Diplomat suhbatda Ukrainaning maqsadi imkon qadar ko‘proq ruslarni o‘ldirish ekanini aytgandi.

“Qozog‘iston tomoni bunday bayonotlarning qabul qilinishi mumkin emasligi va xorijiy davlat elchisi faoliyatiga mos kelmasligi yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirdi. Bunday harakatlar davlatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga zarar keltirmasligi kerak”, deyiladi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi saytida.

Ijtimoiy tarmoqlarda Vrublevskiyning intervyusidan bir parcha aks etgan video keng tarqaldi. Unga ko‘ra, Ukraina “imkon qadar ko‘proq ruslarni o‘ldirmoqchi”.

“Biz hozir ruslarni qanchalik ko‘p o‘ldirsak, bizning bolalarimiz ularni kamroq o‘ldirishiga to‘g‘ri keladi”, dgani diplomat unda. 

Respublika Prezidenti huzuridagi maslahat organi bo‘lgan Qozog‘iston Xalqi assambleyasi elchining bayonotini qoraladi.

“Tinchlik va hamjihatlik davlat siyosati va jamiyatni mustahkamlashning asosiy tamoyillari bo‘lgan mamlakatimizda bunday bayonotlar kimdan bo‘lishidan qat’i nazar, qabul qilib bo‘lmaydigan va nomaqbuldir”, deya e’tiroz bildirgan Assambleya.

22 avgust kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi saytida boshqarma raisi Aleksandr Bastrikin boshqarma markaziy apparatiga Vrublevskiyning so‘zlariga huquqiy baho berishni topshirgani haqida xabar e’lon qilindi.

Ayni paytda, bir necha kun avval Rossiyaning Venadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Mixail Ulyanov Avstriya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan edi. Bunga uning Twitter’dagi shov-shuvli bayonoti sabab bo‘lgan.

“Ukraina aholisiga rahm-shafqat yo‘q”, deb yozgan rossiyalik diplomat tvitida.

Ulyanov genotsidga chaqirayotgani haqidagi tanqid va ayblovlarga javoban g‘azablandi va o‘z qadamini faqat Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning AQSHga harbiy yordam uchun minnatdorlik bildirganiga javoban aytganini iddao qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

282

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing