Ukraina dronlari Ufadagi neft zavodiga zarba berdi
Olam
−
03 mart 2025 7586 2 daqiqa
Bugun, 3 martga o‘tar kechasi Ukraina armiyasi Rossiyaning Ufa shahridagi mahalliy neftni qayta ishlash zavodiga zarba berdi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Mahalliy aholiga ko‘ra, portlashdan avval Birsk trakti hududida joylashgan neft zavodi atrofida dronlarning shovqini eshitilgan. Boshqirdiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) yong‘in yuz berganini tasdiqlagan, biroq uning sababini ochiqlamagan. Idora vakillari yong‘in zavod hududidagi “yoqish pechi” joylashgan qismda sodir bo‘lganini bildirgan.
“Atrofdagi aholi yashash punktlariga xavf yo‘q”, deya ta’kidlagan vazirlik.
“Astra” e’lon qilgan kuzatuv kameralaridagi yozuvlarga ko‘ra, zavodga hujum mahalliy vaqt bilan soat 02:38 da sodir bo‘lgan. Ukrainaning OSINT loyihasi olib borgan tahlillarga ko‘ra, zavod hududida L-24-7 qurilmasi shikastlangan. Shuningdek, neft mahsulotlarini saqlash inshootlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba berilgani qayd etilgan, xususan ikki vertikal po‘lat rezervuar shikastlangan. Bundan tashqari, RVSP-2000 turidagi uchinchi rezervuar detonatsiya qilingani va xomashyo yetkazib beruvchi ikki magistral quvurni vayron bo‘lgani aniqlangan.
Ufa neftni qayta ishlash zavodi 1935 yilda tashkil etilgan. 2012 yilda u nomini “Bashneft – Ufaneftexim” deb o‘zgartirgan. Korxona “Bashneft” neftni qayta ishlash majmuasi tarkibiga kiradi va uning umumiy quvvati yiliga 23,5 million tonnani tashkil etadi. Majmua tarkibiga “Ufaorgsintez” va “Shkapovskoye GPP” gazni qayta ishlash zavodi ham kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina dronlari Krasnodar o‘lkasiga ommaviy hujum uyushtirgan edi. Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan mintaqa uzra 83 ta dron yo‘q qilingan. Anapa shahrida kamida beshta portlash, Tuapse shahrida esa 40 dan ortiq portlash yuz bergan. Hujum oqibatida bir nechta hududda uylar shikastlangan, ammo jabrlanganlar qayd etilmagan.
Live
Barchasi