Ukraina dronlari Kalugadagi neftebazaga zarba berdi
Olam
−
09:38
2041Ukraina dronlari Rossiyaning Kaluga viloyati Lyudinovo shahrida joylashgan “Rosneft” neftebazani o‘qqa tutdi. Bu haqda Kaluga gubernatori Vladislav Shapsha ma’lum qildi.
Uning aytishicha, dronlar hujumidan keyin Lyudinovo shahridagi sanoat korxonasi hududida yong‘in sodir bo‘lgan. U yerda favqulodda holat xizmati va tezkor guruh ish olib bormoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. Lyudinovo ma’muriyati rahbari Stefan Perevalov ham hech qanday qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘qligini tasdiqladi. Yong‘in tarqalish xavfi mavjud emas.
Rossiyaning norasmiy Telegram-kanallari Lyudinovodan olingan videolarni chop etmoqda. Videolarda neftebaza hududida katta yong‘in sodir bo‘lgani ko‘rinib turibdi, osmonga tutun va olov baland ko‘tarilgan.
Lyudinovo shahri Ukraina chegarasiga taxminan 170 km masofada joylashgan. Rossiyaning neft sohasiga oid "Neftegaz" portali ma’lumotlariga ko‘ra, Lyudinovoda “Rosneft”ga qarashli “Kaluganeftprodukt” qo‘shma korxonasi bor. U yerda to‘qqizta rezervuar mavjud bo‘lib, umumiy hajmi 6700 kub m. U yerda AI-92, AI-95 benzini va dizel yoqilg‘isi saqlanadi.
Shuningdek, ushbu neftebaza oldin ham dronlar hujumiga uchragan. Masalan, 2024 yil 28 aprelida rezervuarning tashqi qismiga zarar yetgan, lekin katta buzilishlar bo‘lmagan. 2024 yil 16 noyabr va 23 dekabrda ham hujumlar haqida xabar berilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya armiyasi Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyati Krivoy Rog shahridagi turli ob’ektlarga raketa zarbasi yo‘llagandi. Oqibatda to‘rt kishi halok bo‘lgan.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar