Ukraina dronlari Qrimdagi neft bazasiga zarba berdi
Olam
−
07 Oktabr
5797Qrimning Feodosiya shahrida joylashgan neft bazasiga Ukraina dronlari hujum qildi. Oqibatda neft bazasida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda shahar rahbariyati xabar berdi.
Hokimiyat hodisa tufayli texnogen favqulodda holat joriy qilinganini e’lon qildi. Ammo keyinroq ma’lumotni rad etib, bu “texnik xatolik” bo‘lganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, neft bazasi yaqinidagi ikkita ko‘chada transport harakati to‘xtatilgan. Rossiya FVV xodimlari yong‘inni bartaraf etish bilan shug‘ullanmoqda. Feodosiya ma’muriyati rahbari Igor Tkachenko jabrlanganlar va qurbonlar yo‘qligini ta’kidlagan. Shahar hokimiyati yong‘in sabablari haqida hech narsa ma’lum qilmagan. Mahalliy aholi esa ijtimoiy tarmoqlarda yong‘indan oldin portlash ovozlarini eshitganini yozgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan tun Ukraina dronlaridan 12 tasi Qrimda, 6 tasi Kursk viloyatida, bitta dron esa Belgorod, Bryansk va Voronej viloyatlarida yo‘q qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Feodosiyadagi dron hujumining nishoni “Morskoy neftyanoy terminal” AJ bo‘lgan. U esa Qrimdagi eng yirik neft mahsulotlari tashuvchi terminal hisoblanadi. Ushbu neft bazasi 2023 yil qishida va 2024 yil bahorida ham Ukraina dronlari hujumiga uchragan.
Mahalliy OAVga ko‘ra, 7 oktyabr tunida Qrimdagi Sak va Belbek harbiy aerodromlariga ham hujum qilingan.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Feodosiyadagi dengiz neft terminaliga zarba berilganini tasdiqlagan va bu neft bazasi Rossiya okkupatsion armiyasining ehtiyojlarini ta’minlash uchun ishlatilishini ta’kidlagan.
“Ukraina mudofaa kuchlarining boshqa bo‘linmalari bilan hamkorlikda raketa qo‘shinlari bo‘linmalari tomonidan vazifa bajarildi. Rossiya Federatsiyasining harbiy-iqtisodiy salohiyatini zaiflashtirish bo‘yicha choralar davom etmoqda”, deya ma’lum qilgan Ukraina Qurolli kuchlari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlarining Xarkov shahri va viloyatiga boshqariladigan bombali hujumlarni boshlagani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi