Ukraina “Azovstal”dagi askarlarining bir qismini qutqardi
Olam
−
17 may 2022
13110Ukraina Bosh shtabi Mariupoldagi Rossiya tomonidan qamal qilingan “Azovstal” zavodidan 264 nafar askar evakuatsiya qilingani, ulardan 53 nafari og‘ir yaralanganlar ekani haqida xabar berdi.
Ukraina Bosh shtabining xabarida aytilishicha, Mariupoldagi garnizon o‘z jangovar topshirig‘ini bajargan va oliy harbiy qo‘mondonlik “Azovstal” metallurgiya zavodidagi harbiy qismlar komandirlariga shaxsiy tarkib hayotini saqlab qolish haqida buyruq bergan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, zavod hududida rus askarlari qurshovida qolgan harbiy xizmatchilarni qutqarish bo‘yicha operatsiya davom etmoqda.
“53 nafar og‘ir yaralangan askarni evakuatsiya qilish boshlandi, ular Novoazovsk gospitaliga yetkazildi. Qolgan 211 nafar harbiy xizmatchi almashish va Ukraina armiyasi nazorati ostidagi hududga o‘tkazish uchun Olenevkaga evakuatsiya qilindi”, deyiladi xabarda.
Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabining ta’kidlashicha, “Azovstal”da qolgan harbiylarni qutqarish ishlari davom etmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy aholiga videomurojaatida “Azovstal”dan harbiylarning evakuatsiya qilinishi haqida bayonot berdi.
Zelenskiy Ukraina armiyasi, razvedkasi, muzokara guruhi, BMT va Xalqaro Qizil Xoch tashkiloti tufayli “Azovstal”dagi askarlar hayotini saqlab qolishga umid borligini bildirgan.
So‘zi yakunida Zelenskiy: “Ukraina qahramonlari bizga tirik kerak. Bu bizning prinsipimiz”, degan.
LiveBarchasi