Ukraina AQSH yordamining to‘xtashiga tayyorgarlik ko‘rmoqda – “Bild”

Olam

image

Kiyev AQSHning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamidan voz kechish ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Ukraina hukumatidagi manbaga tayanib, “Bild” nashri xabar berdi.

“Biz eng yomon ssenariyga tayyorlanyapmiz. Ya’ni AQSH tomonidan yordamning to‘xtatilishiga”, deydi manba.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada Vashington tomonidan taklif etilayotgan tinchlik rejasi hamda AQSH Prezidenti Donald Trampning Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga nisbatan bosim o‘tkazmasligi, yangi sanksiyalar joriy etishga ham qiziqmasligi borasida norozilik tobora kuchaymoqda.

“Biz bu faqat uning savdolashuv uslubi deb umid qilgandik. Ammo u Putinga bosim o‘tkazmayapti, sanksiyalar kiritmayapti, hatto tinch aholi nishonga olingan shafqatsiz hujumlarga nisbatan ochiq norozilik ham bildirmayapti”, deydi manba.

“Bild” bilan suhbatlashgan rasmiy AQSH tomonidan taklif etilayotgan tinchlik shartlari Ukrainaning manfaatlariga mutlaqo zid ekanini ta’kidlagan.

“Qog‘ozda yozilgan narsa va muzokaralarda bizga ishora qilinayotgan gaplar biz uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Biz shunchaki taslim bo‘lmaymiz. Hatto agar hukumat bunga tayyor bo‘lsa ham. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi – xalq bunga qarshi chiqadi”, dedi rasmiy “Bild”ga bergan izohida.

Nashrning yozishicha, Ukraina hozirda AQSH shartlarini qayta ko‘rib chiqishga erishishga urinmoqda. Bunda Yevropa yetakchilari bilan maslahatlashuvlar olib borilmoqda. Xususan, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy joriy yilning 26 aprel kuni marhum Rim papasi Fransisk bilan vidolashuv marosimida Donald Tramp bilan uchrashishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Buyuk Britaniya poytaxti Londonda Ukraina, Yevropa mamlakatlari va AQSH vakillari o‘rtasida urushni tugatishga oid yangi takliflar taqdim etilgani va bu takliflar allaqachon Trampning stolida ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing