Ukraina, AQSH va Yevropa Londonda muzokara o‘tkazadi

Olam

image

Joriy yilning 23 aprel kuni Buyuk Britaniya poytaxti London shahrida Ukraina, AQSH va Yevropa muzokaralari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

“Chorshanba (23 aprel) kuniyoq vakillarimiz Londonda ishlaydi. Ukraina, Buyuk Britaniya, Fransiya, Qo‘shma Shtatlar – biz keyinchalik haqiqiy va mustahkam tinchlik o‘rnatish bilan shartsiz o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun maksimal darajada konstruktiv harakat qilishga tayyormiz”, deya yozgan Ukraina rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev o‘t ochishni to‘xtatishga imkoniyatidan kelib chiqib harakat qiladi.

Qo‘shimcha qilinishicha, Ukraina delegatsiya tarkibiga Zelenskiy ofisi rahbari Andrey Yermak, uning o‘rinbosari Pavel Palisa, TIV rahbari Andrey Sibiga va Mudofaa vaziri Rustam Umarov kiradi.

Aynan shu tarkib Saudiya Arabistonidagi avvalgi muzokaralarda Ukraina nomidan ishtirok etgan va Zelenskiy tomonidan tasdiqlangan.

“The Wall Street Journal” gazetasi Londondagi uchrashuvda AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff ishtirok etishi haqida xabar bergan. AQSH tomonidan, shuningdek, Davlat kotibi Marko Rubio va Ukraina bo‘yicha maxsus vakil Kit Kellogg ishtirok etishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish joriy yilning 17 aprel kuni Parijda AQSH, Ukraina va Yevropa davlatlari vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Ukraina Prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak muzokaralarni “juda mazmunli” deb atagan. Ukraina rasmiylari mart oyida Saudiya Arabistonida AQSH delegatsiyasi bilan uchrashuvda bildirilgan pozitsiyani takrorlagan: Moskva ham shunday qilsa, Kiyev sulhga rozi bo‘ladi. Kreml Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini qo‘llab-quvvatlashini, biroq bungacha Ukrainani harbiylashtirish bilan bog‘liq “bir qator savollarga javob berish” kerakligini aytgan.

Oldinroq, Rubio kelishuvning aniq belgilari paydo bo‘lmasa, bir necha kun ichida kelishuvda AQSH vositachi bo‘lishga urinishni to‘xtatishini aytgan edi. Buni Tramp ham tasdiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23-25 mart kunlari AQSH vakillari Saudiya Arabistonida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bilan alohida muzokaralar o‘tkazdi. AQSH va Rossiya delegatsiyalarining Ar-Riyoddagi muzokaralari chog‘ida Qora dengizda xavfsiz yuk tashishni ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga Mudofaa vaziri Rustam Umarov va Prezident devoni rahbari o‘rinbosari Pavlo Palisa boshchilik qilgan. Rossiya Federatsiyasi tomonidan Buyuk Britaniyadagi sobiq elchi Grigoriy Karasin va Rossiya FXX direktori maslahatchisi Sergey Beseda ishtirok etgan. AQSH delegatsiyasi tarkibi rasman e’lon qilinmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Buyuk Britaniya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing