O‘qituvchilarning YTHda vafot etishiga Shuhrat G‘aniyevning aloqasi bormi?
Jamiyat
−
02 Oktabr 2019
21348Avvalroq, Farg‘ona viloyatida ikki maktab direktori o‘rinbosarlari yo‘l-transport hodisasiga uchrab, halok bo‘lgani, mashinada bo‘lgan boshqa bir direktor o‘rinbosari va Dang‘ara tumani Xalq ta’limi bo‘limi qorovuli jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergan edik.
Xalqaro ommaviy axborot vositalarida ushbu YTH yuzasidan turli xabarlar tarqaldi. Ularga ko‘ra, maktab direktori o‘rinbosarlari Farg‘ona viloyati hokimligida soqol va ro‘mol masalasida 30 sentyabrga o‘tar kechasi o‘tkazilgan tungi majlisda qatnashish uchun qariyb 90 kilometrlik masofaga yo‘lga chiqqan.
Mashinani boshqarib ketayotgan 26-maktab direktori o‘rinbosari rulda uxlab qolgani sabab avtoulov yo‘ldan chiqib ketib, yo‘l chetidagi ko‘cha chirog‘i ustuniga urilgan.
Qayd etiishicha, farg‘onalik maktab direktorlaridan biri 30 sentyabrga o‘tar kechasi viloyat hokimligida soqol va ro‘mol masalasiga bag‘ishlab majlis bo‘lganini tasdiqlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, direktor o‘rinbosarlari selektor yig‘ilishiga ketayotgan bo‘lmagan, balki o‘z yumushlari bilan yo‘lga chiqqan.
"Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan ma’lumotlarda Xalq ta’limi bo‘limi xodimlari viloyat Hokimiyatiga kechki selektor yig‘ilishiga chaqirtirilganligi ko‘rsatilgan, biroq o‘rganishlar jarayonida shu kuni, ya’ni 29 sentyabrda Farg‘ona viloyati Hokimligida yig‘ilish yoki selektor o‘tkazilishi belgilanmaganligi, shuningdek yo‘l-transport hodisasiga uchragan haydovchi va yo‘lovchilar o‘zlarining shaxsiy yumushlari bilan Dang‘ara tumanidan Qo‘qon shahriga ketishayotganligi aniqlangan", deyiladi vazirlik bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Shuhrat G‘aniyevning ro‘mol va soqol masalasida o‘tkazgan yig‘ilish mamlakatda keskiy norozilikka sabab bo‘ldi. G‘aniyevning bu xatti-harakati Oliy Majlis Senatida ko‘rildi. Hokim qilgan ishi uchun barchadan kechirim so‘radi. Senat uni ogohlantirdi va 3 oy muddat berdi.