O‘qituvchilarning sazoyi qilinishi ortidan kuchlari tuman “zamhokimi”ga yetdi

Jamiyat

image

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘rashga majburlangani ortidan tuman hokimining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtor Qurbonov lavozimidan ozod qilindi, tuman hokimi Bobur Yo‘ldoshevga “hayfsan” intizomiy jazosi tayinlandi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, bugun, 14 fevral kuni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov hokimlik soati yig‘ilishida Marhamat tumani hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarini lavozimidan ozod qilib, tuman hokimiga “hayfsan” intizomiy jazosini belgilagan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 8 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida bosh egib, kechirim so‘rashga majbur qilingani haqida xabar bergan edik.

9 fevral kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov holatga munosabat bildirib, o‘qituvchilardan uzr so‘radi.

Qolaversa, Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov Marhamat tumanida o‘qituvchilarni o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘ratish tuman hokimi Boburjon Yo‘ldoshevning tashabbusi bo‘lganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari va ota-onalar yig‘ilishi Marhamat tumani hokimidan chiqqan tashabbus bo‘lib barcha maktablarda o‘tkazishga topshiriq berilgan. Shu sababdan XTB boshlig‘i tuman hokimining mazkur holat bo‘yicha shaxsan o‘zining munosabat berishini qat’iy talab qilgan.

Shuningdek, ushbu ish o‘rganish natijalari qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

237

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing