O‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etganlarga jarima miqdori oshirilishi mumkin
Jamiyat
−
10 yanvar 2023
4044Ta’lim muassasasining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori oshirilishi mumkin. Mazkur norma aks etgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bugun, 10 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar tomonidan tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilganlarga nisbatan javobgarlik kuchaytiriladi. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga pedagoglarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlash – bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishini nazarda tutuvchi normani kiritish nazarda tutilmoqda.
"Ta’lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilar bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta’lim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solinishga olib kelishi mumkin", deyilgan Qonunchilik palatasi xabarida.
Ma’lumot uchun, amaldagi qonunchilikda ushbu huquqbuzarlikka nisbatan belgilangan jarimalar miqdori fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorni tashkil etadi.
“Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin”, ta’kidlanadi qonun loyihasida.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra esa fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Ma’muriy qamoqqa olish bilan bog‘liq jazo chorasi amaldagi qonunchilikda mavjud emas.
Shuningdek, Jinoyat Kodesiga ham ta’lim muassasasining pedagog xodimiga nisbatan mehnatga ma’muriy tarzda majburlash uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etgan taqdirda huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishini mustahkamlovchi yangi norma qo‘shish taklif etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb etilishini qoralagani haqida xabar qilgan edik.
LiveBarchasi